486

Akademiya o‘qituvchisi Turkiyaning Anqara universiteti talabalariga mahorat darsi o‘tdi

Dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlar orasida o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ko‘plab xorijiy davlatlardagi ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Xususan, Turkiyaning Anqara universiteti va Akademiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ham shular jumlasidan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti o‘rtalarida imzolangan o‘zaro hamkorlik anglashuv memorandumiga asosan Akademiyaning “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Saidmuxtor Oqilov shu kunlarda Anqara universitetida mehmon bo‘lib turibdi.

Safarning ilk kunlari S.Oqilov Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori, moturidiyshunos olim Sonmez Kutluning taklifiga binoan fakultetning bakalavr 3-bosqich talabalariga “Moturidiya ta’limotini o‘rganishda zamonaviy yondashuv asoslari va uslublari” hamda universitet doktorantlariga “XVII-XVIII asrlarda Movarounnahrda hanafiya-moturidiya ta’limotini o‘rganishda manzuma asarlarning o‘rni (So‘fi Allohyorning “Sabotul ojiziyn” asari misolida)” mavzularida mahorat darslarini o‘tdi.

Darsdan so‘ng S.Oqilov Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti dekani professor Shamil Dagchi bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan rejalashtirilayotgan moturidiya ta’limoti ensiklopediyasini yaratish bo‘yicha muzokara olib borildi. 

Mazkur muzokarada turkiyalik taniqli moturidiyshunos olimlardan professor Sonmez Kutlu va professor Sha’ban Ali Duzgen ham ishtirok etdi. Muloqotda Shamil Dagchi janoblari Moturidiya ta’limoti ensiklopediyasini yaratish bo‘yicha 2022-yilning birinchi choragida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi  huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy seminar tashkil etish taklifini bildirdi.

Akademiya o‘qituvchisining Anqara universitetidagi safari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish