495

Jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz himoyasi va manfaatiga qaratilgan qutlug‘ qadam

3-DEKABR — XALQARO NOGIRONLAR KUNI

Oramizda shunday insonlar borki, jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, ma’naviyati yuksak, ruhiyati kuchli, o‘zi matonatli. Hozir nogironligi bo‘lgan shaxslar soni jahon miqyosida taxminan 1 milliard nafarni tashkil etadi. Achinarlisi, ularning 100 milliondan ortig‘i bolalardir. Keyingi yillarda yurtimizda bu toifadagilarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish borasida e’tiborga molik ishlar bajarilmoqda.

Prezidentimiz shu yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzish taklifini bildirdi va O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida O‘zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiya tenglik asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha insoniy haq-huquqlarini to‘liq amalga oshirishini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitasiya, siyosiy jarayonda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi qator muhim masalalarni qamrab oladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, endi mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari mavjud. Galdagi dolzarb masala ushbu normalarda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishdan iborat. 

Prezidentimizning shu yil 27-noyabrdagi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlik belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugun yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar zamiridagi “Inson qadri va qimmati har narsadan ustun” degan ezgu g‘oyani namoyon etgani bilan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Qarorda fuqarolarga nogironlikni belgilashdagi muayyan to‘siqlarni yo‘qotish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish orqali fuqarolarga zamon talablariga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish maqsad qilingan. 

Xususan, ilgari nogironlikni belgilatish uchun nogironligi bor fuqarolar, hatto I guruh nogironlari ham muayyan idoralarga borishi kerak edi. Qarorga muvofiq, shu yil 1-dekabrdan boshlab shaxsning uyi yoki u davolanayotgan statsionarda hamda sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni tashkil etiladi.

Me’yoriy hujjatning xalq manfaatlari aks etgan yana bir jihatiga to‘xtalish o‘rinli. Jumladan, oldin nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslar nogironlikni belgilatish uchun vaqti-vaqti bilan muayyan muddat ixtisoslashgan shifoxonalarda yotib davolanishi zarur edi. Uzoq yillar fuqarolarning ovoragarchiligiga sabab bo‘lgan bu tartibga ham chek qo‘yildi. Endi klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, bunday shaxslarga tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxati asosida nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi. 

Yana bir muhim jihat: tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomada shaxs ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Kelasi yili 1-avgustdan boshlab dastlab Toshkent shahridagi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazish uchun “Tibbiy ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etiladi. Unda fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar elektron tarzda aks etadi. 

Shundan so‘ng elektron axborot tizimidagi ma’lumotlarga asosan, fuqaro organizmi funksiyasining buzilishi va hayotiy faoliyati chegaralanishi hisobga olingan holda, nogironlikni fuqarolarning ishtirokisiz belgilash tartibi joriy etiladi. Elektron ma’lumotlar esa avtomatik tarzda “Pensiya” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga yuboriladi. 

Endi Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlari zimmasiga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlik belgilash bo‘yicha yuklatilgan qo‘shimcha funksiyalar bekor qilinadi. Ularning funksiyasi kimga beriladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Qarorga muvofiq, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining pediatriya tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etilib, 16-18 yosh orasidagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Ularga tegishli hujjatlar pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga topshiriladi. 

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, reabilitologiya, tibbiy-ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya mutaxassislarini tayyorlash ham zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Aytaylik, 2022-2023 o‘quv yilidan magistratura, klinik ordinatura, qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlari xalqaro ta’lim standartlari asosida takomillashtiriladi. 

2022-yil 1-iyunga qadar BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning texnik ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish to‘g‘risidagi qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. 

Yuqorida ta’kidlanganidek, uch oy muddatda nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarga tegishli elektron ma’lumotlarni o‘zida jamlaydigan elektron ma’lumot bazasi takomillashtiriladi. Shu asosda nogironligi belgilangan shaxslarning nogironlik muddati tugayotgani hamda qayta ko‘rikdan o‘tish zarurligi to‘g‘risidagi xabar odamlarning mobil aloqa vositalariga bir oy oldin yuboriladi. 

Bugun yurtimizda nogironligi bor shaxslar 760 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ularni yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq qo‘llab-quvvatlash, imkoniyat va shart sharoitlar yaratib berish, hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash davlatimizning bosh maqsadidir. Mazkur qaror nogironligi bor yurtdoshlarimiz himoyasi va manfaatiga qaratilgan yana bir qutlug‘ qadam bo‘ldi.

Alisher INOQOV,

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 3-dekabr, 244-son

Izoh qoldirish