525

Totuvlik va farovonlik garovi

XALQARO KONFERENSIYA

Yurtimizda o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik va inoqlik hamisha qadrlab kelinadi. Zero, nafaqat oilalar balki, mamlakatlar orasidagi yaqin hamkorlik va do‘stona munosabatlar har qanday nifoqqa chek qo‘yadi. Mushtarak maqsadlar esa elni, yurtni taraqqiyotga, farovonlikka boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida, O‘zbekistonning eng ulkan boyligi – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikda, deb ta’kidlaganlari bejiz emas. Binobarin, yangi uyg‘onish – uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yayotgan xalqimiz mamlakatdagi tinchlik va farovonlikning qadrini bebaho deb biladi. Zero, yaqin-uzoq mintaqalardagi notinchlik va o‘zaro adovat olovi qanchadan-qancha insonlar hayotini tahlikaga solib turgani ma’lum.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya shu ma’noda keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Konferensiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Konferensiyada taniqli olimlar, tadqiqotchilar, soha vakillari, turli diniy konfessiya vakillari, xorijlik nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov olib bordi. 

– Buyuk ipak yo‘li chorrahasida bo‘lgan O‘zbekiston qadimdan turli sivilizatsiya va madaniyatlar o‘zaro munosabatga kirishgan tabarruk yurt hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. – Bu diyorda yonma-yon yashagan turli xalqlar, madaniyat va dinlar vakillarining aynan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mintaqamizning madaniy rivojida muhim omil bo‘lgan. Bu an’ana bugun ham davom etib, turli millat va elat vakillari mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida bir musht bo‘lib harakat qilayotgani ko‘pchilik uchun ibratdir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yurtimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan samarali islohotlarga alohida to‘xtaldi.

– Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik ta’minlangan ko‘p millatli mamlakatimizda turli xalqlarning madaniyat va urf-odatlariga hamisha hurmat bilan qaraladi, – dedi u jumladan. – Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega. Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni qayd etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan har yili 30-iyulni – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlash, mazkur sanani yurtimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani amaliy ishlar samarasidir. 

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil-inoqlikda yashab kelmoqda. Ularning huquq va erkinligini ta’minlash, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, millatiga xos an’ana hamda qadriyatlarini hurmat qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-ma’rifiy jabhada, xususan, turli diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlash borasida jiddiy va salmoqli qadamlar tashlandi, – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev. – Ayniqsa, xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chog‘ida diniy erkinlikni ta’minlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, shuningdek, jaholatga qarshi ma’rifat borasidagi amaliy ishlarga yuqori baho berib kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan mazkur yo‘nalishda ilgari surilayotgan tashabbuslar O‘zbekistonning yangi qiyofasini jahon hamjamiyatiga namoyon etmoqda. Ayniqsa, 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasining 193 ta mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilingani katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tadbirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Pyer fon Arks esa, yurtimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalasi har qachongidan-da ustuvor masala sifatida ko‘rilayotganini e’tirof etdi.

– O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida katta o‘zgarishlar, turli dinlar, konfessiyalar, diniy bag‘rikenglik bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldim, – dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Pyer fon Arks. – Millatlararo munosabatlar, turli konfessiyalar o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro hurmat biz uchun muhim ahamiyatga ega. Bu borada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lib, YXHT tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekistonning bu boradagi o‘ziga xos tajribasini inobatga olib, yurtingizda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan ishlaringizni olqishlaymiz.

Anjumanda “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlashda O‘zbekiston tajribasi”, “Millatlararo va dinlararo do‘stlikni ta’minlashda islomning o‘rni”, “Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy merosida millatlararo bag‘rikenglik masalalari”, “Diniy bag‘rikenglik –davlat va jamiyat barqarorligi garovi”, “Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak bag‘rikenglik tamoyillari”, “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy barkamol etib tarbiyalashda milliy madaniy markazlarning o‘rni” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

– Bugungi kunda dunyoning ko‘plab hududlarida sodir bo‘layotgan milliy va diniy shakldagi nizo va ziddiyatlar jahon hamjamiyatini tashvishga solmay qo‘ymaydi, albatta, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov. – Mana shunday sharoitda yangi O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va farovonlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat munosabatini saqlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Ona Vatanimiz azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makon sifatida dunyo sivilizatsiyasi tarixida alohida mavqega ega. Tarixga nazar solsak, O‘zbekiston hududida turli madaniyat, urf-odat, turmush tarziga ega xalqlar yashaganiga guvoh bo‘lamiz. Qulay geografik manzilda joylashgani sabab ko‘plab mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar olib borgan. Quvonarlisi, bugun yurtimiz diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida butun dunyoga namuna bo‘lmoqda.

Tadbirda Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy Morar hamda Rim-katolik markazi rahbari yepiskop Yeji Masulevich ham so‘zga chiqib, yurtimizdagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik qadriyatga aylanganini ta’kidladi.

– 2021-2022-yillarda Toshkent yeparxiyasi yubiley sanasini nishonlaydi, – dedi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy Morar. – 150 yildan beri yonma-yon yashab kelayotgan xalqlarimiz doimo bir-birining xursandchiligiga sherik bo‘ladi. O‘zaro ishonch, ijobiy munosabatlar, hamkorlik aloqalarining bu yorqin namunasi ko‘plab xorij mamlakatlari uchun ibrat bo‘la oladi. Mazkur yillar davomida diniy va milliy nizolar sodir bo‘lmagani mamlakatimiz rahbariyatining oqilona siyosati tufaylidir.

Qizg‘in o‘tgan konferensiya qatnashchilari tomonidan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-biri bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotganliklari ta’kidlandi. Yuksak taraqqiyotga millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash orqali yetish mumkinligi qayd etildi.

Bahodir JOVLIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot kotibi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 19-noyabr, 233-son

Izoh qoldirish