456

Xalq yuragin birlashtirgan iftixor

18-NOYABR – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROGʻI QABUL QILINGAN KUN!

(Badia)

Senga termulib, ko‘ksim uzra baland bir tog‘ qad rostlaydi. Shunday mehr va qudrat timsolisanki, atrofingda xalq yuragi birlashgan. Osmon qadar balandsanki, unda shonli tariximiz gavdalanadi.

Aql-u idrok, kuch-u qudrat, imon-u e’tiqod sohiblari – ajdodlarimiz bir kun kelib bu muazzam tuproqda erk tug‘i baland ko‘tarilib, Vatan mustaqilligi ramzi o‘laroq, mag‘rur hilpirashiga komil ishonch bilan yashaganlar. Tug‘ilgan zaminni muqaddas bilgani, hurlikni oliy ne’mat deb ulug‘lagani bois, qo‘llaridagi kishanlarni uzib, ozodlik uchun kurashdilar.

Inson bir g‘alabaga yetishmoq uchun necha bor mag‘lub bo‘lar, ammo haqiqatga ishonch, el-yurtga bo‘lgan mustahkam e’tiqod uni baribir oyoqqa turg‘izaveradi. 1926-yili “Mushtum” jurnalida chiqqan maqolasi uchun qamalgan, 1937-yili “xalq dushmani” sifatida ikkinchi bor hibsga olinib, 1938-yil otib tashlangan o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning 1956-yilga kelib oqlanishi, 1991-yilda Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti, 1996-yilda esa “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlanishi, adolat tantanasi emasmi!

“Men haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman, agar otmoqchi bo‘lsalar, ko‘kragimni kerib turaman”, deb aytgan yozuvchining ruhi istiqlol nurlaridan shod bo‘ldi.

Toshkent shahridagi “Samarqand darvoza” mahallasida, adib tug‘ilib o‘sgan uyda uning uy-muzeyi ochildi. Bu kun Vatanimiz fidoyilari tarixining yana bir oydin sahifasi yaraldi. Prezident farmoni bilan 2019-yil poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘ida ijod maktabi va muzey barpo etildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchiga haykal o‘rnatildi. Davlatimiz rahbari mazkur haykalning ochilish marosimida ishtirok etib, uning poyiga gul qo‘ydi.

Bugun ushbu ijod maktabi darvozasida O‘zbekiston bayrog‘i mag‘rur hilpiramoqda. Davlatimiz madhiyasi baralla yangragan chog‘da shu maskanda ta’lim-tarbiya olayotgan iste’dodli yoshlar nigohi ham shu muqaddas timsolga qadalgan bo‘ladi.

* * *

Umid va ishonch madadkor bo‘lmaganida, necha marta qamalgan Abdulla Avloniy qayta-qayta maktab ochgan bo‘larmidi? Bolalarni o‘qitishdek muqaddas ishga to‘xtovsiz kirishgan bo‘larmidi? “Vatan” she’rida: “Onamizsan! Bizni(ng) mushfiq onamizsan! Javlon urub yashaydurg‘on xonamizsan! Seni sotmoq mumkinmidur, o‘zing so‘yla! Tiling bo‘lsa, hasratlaring tuzuk so‘yla!”, degan satrlar buyuk ma’rifatparvarning muqaddas zamin ozodligi uchun qayg‘urgan xitobi bo‘lib yaralgandi.

Bugun yurt bayrog‘i Avloniy kabi vatanparvar ajdodlar intilishlari, ezgu orzularining ro‘yobi bo‘lib shu muqaddas zamin sarhadlarida, shu Vatan nomi yangragan dunyo ellarida ham hilpiramoqda.

* * *

O‘zi tanlagan yo‘liga sobit qolgan Cho‘lpon takror va takror gazeta nashr etarmidi? Gazetalari sahifalarida umidsiz qolganlarda umid uyg‘otish uchun hayqiriqli she’rlar bitarmidi:

Nega buncha umidsizdir turishing?

Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?

Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?

Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydir og‘u-o‘q?

Uning har bir she’ri millatni uyg‘otguvchi ovozga aylandi.

Kuzning oltin lahzalarida, Adiblar xiyobonida, Cho‘lponning haykali yonida uning she’rlarini aytayotgan o‘quvchilar qo‘lida Vatanimiz bayroqlarini ko‘rdim. Ha, bu Haq yo‘lida birlashgan xalqning g‘ururi, adolatning tantanasi bo‘lib hilpirayotgan O‘zbekiston ramzidir.

* * *

Yirik davlat va siyosat arbobi, shoir va olim, nosir va dramaturg ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat “O‘gut” she’rida yozadi:

Og‘ir yigit, sening go‘zal, nurli ko‘zingda

Bu millatning saodati, baxtin o‘qudim.

O‘ylashingda, turishingda hamda o‘zingda

Bu yurt uchun qutulishning borligin ko‘rdim.

Turma – yugur, tinma – tirish,

bukilma – yuksal,

Hurkma – kurash, qo‘rqma – yopish,

yo‘rilma – qo‘zg‘al.

El yo‘lini to‘sib turgan eski bulutlarni

Yondirib qo‘y, yirtib tashla, barchasin yo‘q et!

Uchinchi Renessans egalarining saodatini oldindan ko‘ra bilgan jadidchi adib, olim, tarjimon, dramaturg, o‘zbeklardan birinchi bo‘lib professor ilmiy unvonini olgan alloma Abdurauf Fitrat vafot etganiga 82 yil o‘tib, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. O‘sha kuni biz, ijod ahlining ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. U tavallud topgan Buxoro markazidagi “Boqiy Buxoro” majmuasi peshtoqidagi O‘zbekiston bayrog‘ini kunduz quyosh, tunda oy va yulduzlar o‘pib o‘tdi.

* * *

Ma’rifatparvar jadidchi olim, siyosatshunos, maktablar ochib millatni ezgulikka boshlagan taniqli pedagog, Toshkentdagi Darxon masjidining imomi, Turkistonda Sho‘roi-Islom tashkiloti rahbari Munavvar qori Abdurashidxonov ham 2020-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

U ilk o‘quv darsliklaridan tashqari “Tajvid al-Qur’on” qo‘llanmasini yaratgan. Maktab o‘quvchilari uchun she’rlar va hikoyalar yozgan. 1906-yilda birinchi bo‘lib “Xurshid” gazetasini, keyinchalik “Najot”, “Kengash”, “Sadoyi Turkiston” gazetalarini tashkil qilib, bosh muharriri bo‘ldi. “Turon” teatr truppasiga asos soldi.

U mashhur ijodkorlar, olimlar, madaniyat vakillari Hamza, Elbek, Oybek, Akmal Ikromov, Abdulhay Tojiyev, Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazon, Bahrom Haydariy, Mannon Uyg‘urning ustozi bo‘lgan.

Vatanimizning har burchida hilpirayotgan bayrog‘imiz ularning xotirasini abadul-abadga yoritib turajak.

* * *

Bugun oliy darajadagi siyosiy anjumanlarda, Olimpiya o‘yinlarida, dunyo taqdiriga daxldor kengashlarda, xalqaro minbarlarda, do‘stlik va hamkorlikka bag‘ishlangan yig‘ilishlarda davlatimiz bayrog‘i qudratimiz, ezgu maqsadimiz ramzi bo‘lib hilpiraydi. Shu lahzalarda yurtimiz dunyo mamlakatlari ichra yana bo‘y ko‘rsatib, millionlab qalblarda faxr, iftixor uyg‘otadi. Barchamizni Vatan ravnaqi, tinchlik va ezgulik yo‘lida xizmat qilishga undayveradi. 

Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 18-noyabr, 232-son

Izoh qoldirish