Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va hamjihatlik asosi
16-NOYABR – XALQARO BAG‘RIKENGLIK KUNI
E’tibor qilinsa ikki zarurat insoniyat va davlatlar o‘rtasidagi kurashni keltirib chiqaradi. Moddiy va ma’naviy ehtiyojlar. Moddiy ehtiyojlar tabiatda resurslar cheklanganligi bois ko‘pincha kurashlar va nizolarga sabab bo‘ladi. Ikkinchi ehtiyoj esa insonning dini, irqi hamda millati hurmat qilinishi va boshqalar tomonidan tan olinishi masalasidir. Birinchi ehtiyojning qanchalik zarurati haqida ortiqcha to‘xtalishning hojati yo‘q. Chunki u hammamizga ma’lum. Ammo oxirgi paytlarda diniy bag‘rikenglik tushunchasi haqida tez-tez gapirilayotgan bo‘lsa-da, uning mohiyatini hammamiz ham chuqur anglayvermaymiz. Shu bois bugun dinshunos olim va mutaxassis fikr-mulohazalari asosida “Diniy bag‘rikenglik nima va u odamlarga, jamiyatga nima beradi?” degan savollarga javob izlaymiz.
– Diniy bag‘rikenglik – tinchlikka xizmat qilib, odamlar o‘rtasidagi tabaqalashishning oldini oladi, teng huquqlilikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedrasi katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari (РhD) doktori Ramziddin Isakjanov. – Sababi turli din va elatga mansub aholi orasida totuvlikni ta’minlash, ularning bir jamiyatda ahil-inoq yashashiga sharoit yaratish zarurati aholi soni oshib borayotgan, diniy-etnik munosabatlar tobora murakkablashib borayotgan bir paytda juda zarur. Bunga esa bag‘rikenglik, ayniqsa diniy bag‘rikenglik orqali erishiladi. Yurtimiz O‘zbekistonda 130 nafardan oshiq millat va elatlar ahil-inoq yashab kelmoqda. Buning boisi mamlakatimizda barcha din vakillarining urf-odatlari, an’ana va qadriyatlariga hurmat bilan qaraladi. Turli din vakillari bir jamoa va tashkilotlarda teng huquqli mehnat faoliyatini amalga oshiradi. Natijada mamlakatimiz nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun dunyoda ham millatlar o‘rtasidagi totuvlikni ta’minlashga yaxshi hissa qo‘shayotgan davlat sifatida boshqalarga namuna bo‘lib kelmoqda.
– Atrofdagi bo‘layotgan voqealarga diniy bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zaro bir-birini hurmat qilish davlatlar o‘rtasidagi ishonchni, do‘stlikni mustahkamlaydi, – deydi poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov. – Masalan, barchamizga ma’lum ikkinchi jahon urushida yurtimizga 250 ming atrofida bolalar evakuatsiya qilingan. Ular nemis, koreys, rus, ozarbayjon, gruzin, tatar kabi turli millat bolalari bo‘lib, yurtimizdagi maktablarda o‘zbek qorako‘zlari bilan birga o‘qishgan. Odamlarimiz o‘z uylaridan ularga boshpana, joy berishgan. Yaxshilik beiz qolib ketmaydi-da. Yaqinda faoliyatimiz yuzasidan Belarusiyaning Ivanova shahrida bo‘ldik. Urush paytida shaharning chekka bir qishlog‘ida katta gospital bo‘lgan ekan. O‘sha gospitalda vafot etgan askarlar qishloqdagi qabristonga ko‘milgan. O‘sha qabristonga borganimizda men ko‘plab o‘zbek ismlarini ko‘rdim: Shuhrat, Shofayzi, Murodilla, Asatilla kabi. Shahidlarning kelgan yurti, manzillari aniq yozilmagan bo‘lsa-da, ularning aksariyati o‘zbekistonlik ekanini ich-ichimdan his qildim. Qabrlarning atrofi top-toza, obodonlashtirilgan, atrofiga gullar qo‘yilgan. Surishtirsam, shu yaqin atrofdagi maktab o‘quvchilari muntazam qabristonga kelib, u yerni obodonlashtirar, gullar ekarkan. Shunda o‘sha qishloqdagilardan ham, o‘quvchilarni shunday savobli ishga chorlagan maktab jamoasidan ham xursand bo‘ldim. Ularga o‘zimning minnatdorchiligimni bildirdim. Bag‘rikenglikning yorqin namunasi bo‘lgan bu ishni haligacha yaxshi xotira bilan yodga olaman.
Har bir davlatda rang-barang millat vakillari yashab, istiqomat qiladi. Masalan, yurtimizdagi koreys millati vakillarini olaylik. Ular ham vatanimizda teng huquqlilik asosida yashayapti. Yurtimizdagi muhit, sharoit ma’qulki, ular shu yerda, biz bilan birga. Qaysidir sohada astoydil mehnat qilyapti. Mehnatlariga yarasha e’tirof etilyapti. Davlatimizning turli mas’ul lavozimlarida xizmat qilmoqda. Bunday misollarga tojik, tatar, turk kabi yana ko‘plab millat vakillarini misol qilishimiz mumkin. Ularning dini, urf-odati hurmat qilingani bois uzoq yillardan buyon xalqimiz vakillari bilan ahil yashab kelmoqda. Ayniqsa, shu paytgacha O‘zbekistonda yashab fuqaroligi bo‘lmagan yurtdoshlarimizga Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki besh yilida katta e’tibor qaratilib, fuqarolik berilishidan ularning ko‘ksi tog‘dek ko‘tarildi. Endilikda ular yurtimiz ravnaqi uchun sidqidildan mehnat qilib, davlatimiz rivojlanishi uchun yanada ko‘proq hissa qo‘shishga intilmoqdalar.
– Ammo dunyoga nazar tashlaganimizda urushlar, jang-u jadallar, qarama-qarshiliklar, diniy va irqiy shakldagi qonli to‘qnashuvlar insonlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik yetishmayotganini anglatib turibdi, – deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Odiljon Ernazarov. – Shu nuqtai nazardan insonlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglikni shakllantirish yuqoridagi kabi urushlar va qarama-qarshiliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Diniy bag‘rikenglik — siz bilan bir hududda, bir joyda ishlayotgan inson, boshqa bir din vakilining ham siz bilan teng huquqli ekanini tushunish, u bilan fikringiz bir xil bo‘lmagan taqdirda ham uning qarashlarini sabr bilan tinglash va hurmat qilishdir. Qayerdaki diniy bag‘rikenglik yaxshi rivojlansa, o‘sha o‘lkada turli diniy va irqiy nizolar, kelishmovchiliklar kuzatilmaydi, kamayadi. Shu bois men barchani tarixan bag‘rikenglikning real misollarini ko‘rsatishga boy bo‘lgan o‘lkamizga, ajdodlarimizga munosib bo‘lishga, o‘zaro hamjihat bo‘lishga chorlab qolaman.
Zebo NAMOZOVA
Izoh qoldirish