550

YANGI OʻZBЕKISTON — INSON QADRI USTUVOR BOʻLGAN MAMLAKAT

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va ovul qolmadi. Bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun baralla ochildi. Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning farovon hayot kechirishini taʼminlashga qaratilganini bugun oʻz hayotimizda his etyapmiz.

2021-yil 6-noyabr kuni yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari qatorida kamina ham ishtirok etdim.

Ushbu tantanali marosim va unda Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini oʻz ichiga olgan dastur taqdim etilishini millionlab moʻmin-musulmonlarimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Ahamiyatlisi, ana shu teran mulohaza ila uzoqni koʻzlab qilingan chiqishning har bir jihati juda ham keng masalalarni oʻz ichiga qamrab olgan edi.

Davlatimiz rahbari kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar haqida nutq soʻzlar ekan, Yangi Oʻzbekiston strategiyasining uzviy va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi.

Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dard-u tashvishini, muammolarini ijobiy hal etish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Hayotimizda “Davlat — insonlar uchun” degan xalqchil gʻoya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda. Insonning haq-huquqlari, qadr-qimmati, qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish tamoyili islohotlar mohiyatini tashkil etadi. Bir soʻz bilan aytganda, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan.

Darhaqiqat, Islom dini inson qadrini nihoyatda yuqori darajaga koʻtaradi. Qadimdan turli jamiyatlarda inson qadri turli narsalar bilan bogʻliq holda talqin qilingan. Har bir jamiyat mafkurasidan, dunyoqarashidan, inson zotiga munosabatidan kelib chiqib, uni turlicha taqdirlagan.

Qaysidir jamiyatda kuchli inson eng yaxshi va eng qadrli hisoblangan boʻlsa, boshqa bir jamiyatda hukmdor, amaldorlar qadr topgan. Islomda esa kuch, mansab, koʻrk va mol-u dunyo hayotning mohiyati emas, balki hayotning bir vasilasi, xolos.

Biz yashayotgan yangi Oʻzbekistonda ham, avvalo, inson kim boʻlishidan qatʼi nazar, uning haq-huquqlariga katta eʼtibor qilinmoqda.

Dinimizda insonning qadr-qimmati qalbi pokligi, maqsadi ezguligi, undagi imon-ixlos va qilgan yaxshi amal­lari bilan oʻlchanadi. Inson qadrini oʻlchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina odamlar haqiqiy qadrini topadi. Zotan, Islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson qadrini ulugʻlashdir. Dunyodagi barcha narsalar insonga beminnat xizmat qilish uchun yaratilgandir.

Qurʼoni karimning bir necha oyatida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida taʼkidlangan. Masalan, Isro surasining 70-oyatida: “Batahqiq, Biz Bani Odamni aziz-u mukarram qilib qoʻydik va ularni quruqlig-u dengizda (ulovla) koʻtardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni Oʻzimiz yaratgan koʻp narsalardan mutlaqo afzal qilib qoʻydik”, deyiladi.

Tafsir kitoblarida inson qaysi neʼmatlar tufayli mukarram ekani toʻgʻrisida koʻp misollar keltirilgan. Baʼzi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan neʼmatlarni ikkiga taqsim qilgan: Birinchisi — jismoniy neʼmatlar. Bunga misol: sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilar. Bu neʼmatlar barcha bandalarga barobar berilishi mumkin. Ikkinchisi — ruhoniy yoki maʼnaviy neʼmatlar. Bunga misol: imon, islom, rushdu hidoyat, axloq, tavfiq kabi ijobiy sifatlardir. Bu neʼmatlar faqat Alloh taolo inoyat qilgan bandalargagina nasib etadi.

Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson manfaati uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni muhayyo qildi hamda uni ikki dunyo saodatiga yetkazadigan qonun-qoidalarni joriy qilib qoʻydi. Bu ham Alloh inson zotini aziz-u mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yoʻqdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkor. Shubhasiz, bu dunyoda ham, oxiratda ham bu afzallik va neʼmatlarning masʼuliyati va javobgarligi bor.

Yuqoridagi oyati karimadan ayon boʻladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqatdir. Alloh taolo odamni Oʻz qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. Oʻz ruhidan jon puflab, ulugʻladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar boʻlgan emas. Shu bois ham inson aziz-u mukarramdir. Alloh taolo yana odam bolasini Oʻzi bergan aql bilan aziz qildi. Aql bilan inson boshqa hamma maxluqotlardan ustundir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining muborak hadisi shariflarida: “Moʻmin kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, degan ekanlar. Mana bu hadisning sharhida shunday deyiladiki, yaʼni “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va baʼzi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql bor-u, lekin nafs-u shahvat yoʻq. Hayvonotda esa nafs-u shahvat bor-u, lekin aql yoʻq. Ammo odamzodda aql ham bor, nafs-u shahvat ham bor. Aql uni toʻgʻri yoʻlga, savobli ishlarga boshlasa, nafs-u shahvat faqat nafsni qondirish, shahvoniy hirsni qoniqtirishga va buning uchun har qanday gunoh-u maʼsiyat ishlaridan qaytmaslikka boshlaydi.

Binobarin, agar insonning aqli nafs-u shahvatidan gʻolib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u farishtalardan ham ulugʻ maqomda yurgan boʻladi. Ammo bordi-yu, nafs-u shahvati aqlidan gʻolib kelib, ularning amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u hayvonlardan ham past martabada qolgan boʻladi.

Maloikalar inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, taʼzim sajdasini ado qildi. Mana shu narsa insonni oliy maqomga koʻtardi. Rabboniy jon ato etish insonni inson qildi. U endi Allohning yer yuzidagi oʻrinbosari, degan muborak nomga musharraf boʻldi.

Inson degani shunday mukarram zot ekan, uning siri Ilohiy ruh bilan yaratilgani va Inson qimmati ham shunga bogʻliq ekani maʼlum boʻldi. Alloh taolo insonga osmonlar va yer yuzidagi barcha narsalarni boʻysundirib qoʻydi. Unga botiniy va zohiriy neʼmatlarning hammasini berdi.

Demak, Haq taolo insonni aziz-u mukarram qilib yaratgan ekan, uni kamsitish, unga ziyon yetkazish, ozor berishdan saqlanish, aksincha, unga koʻmak berish, mushkulini oson qilish, manfaat yetkazish lozim. Zero, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida bunday marhamat qiladilar: “Kimiki, bir moʻmindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat ogʻirliklaridan birini yengil qiladi. Kimiki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo koʻrsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur”.

Yangi Oʻzbekistonda ham barcha islohotlar mana shunday inson dard-u tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan. Inchunin, bugun inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar yangi pogʻonaga koʻtarilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari boshchiligida millati, tili va dinidan qatʼi nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasi ilgari surilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, insondagi azizlik va mukarramlik sharafi kishiga faxr-u iftixor bagʻishlashi barobarida, xalq manfaati, din rivoji va mamlakat obodligi yoʻlida oʻz hissasini qoʻshishga undaydi.

Nuriddin XOLIQNAZAROV, 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 9-noyabr, 224(480) son

Izoh qoldirish