513

Uchinchi Renessans sur’atini tezlashtiruvchi muhim omil

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi negizida olib borilayotgan keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgardi. Umummilliy harakatga aylangan “Yangi O‘zbekiston” ezgu g‘oyasi pirovardida – shaxs ma’naviy kamolotiga tayanib Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga bel bog‘landi. Bugungi kunda respublika miqyosida amalga oshirilayotgan jadal sur’atdagi qurilish ishlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ko'plab sohalarda tubdan olib borilayotgan islohotlar Uchinchi Renessans poydevoriga qo‘yilayotgan tamal toshlaridir. 

2020-yil – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz “Islom madaniyatining oltin asri” hamda Amir Temur asos solgan muhtasham saltanat haqida alohida to‘xtalgani bejiz emas. Bu ikki Renessans davrlarida ona zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Muin Nasafiy kabi butun musulmon olamining faxr-u iftixori bo'lgan ulug‘ ulamolar, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G'iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar yetishib chiqqan. Aynan shu komillik sari yetaklovchi shaxslarning mislsiz xizmatlari tufayli ular yashab ijod qilgan “Renessans davrlari” bugun o‘rganilmoqda.

Muayyan hudud va zamonda ko‘plab allomalarning ulg‘aygani – unda tarbiyaning o‘ziga xos uslublari mavjudligidan, tizimi shakllanganidan dalolat beradi. Aynan o‘sha tarbiya uslublari ta’sirida bu allomalarimiz turli soha va davr vakili bo‘lishiga qaramasdan har biri, avvalambor, go‘zal axloq sohibi bo‘lgan va mustahkam intizomlari sababli nodir asarlar bitib, insoniyat faxriga aylangan. Shunday ekan, tabiiy savol tug‘iladi: – O‘zbekiston aholisining axloqi Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda qanday ahamiyat kasb etadi? Go‘zal axloq egalarini tarbiyalashda o‘sha birinchi va ikkinchi Renessans davrlari tarbiya uslublaridan qanday foydalanishimiz mumkin?

Millat taraqqiyotida axloqning ahamiyatini bilish uchun axloqsizlik oqibatlari haqida mulohaza qilamiz. Shundagina axloqsizlik natijasida kelib chiqadigan qanchadan-qancha muammolarning oldini olinayotganini chamalash mumkin: 2020-yil 20-avgust kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Psixologik mudofaa. Tarix uchun kurash – kelajak uchun kurash” nomli davra suhbatida Rossiya fizigi, Kurchatov instituti prezidenti Mixail Kovalchuk tarixiy faktni keltirdi. Dunyoga boshqarishni ko‘zlab tashkil etilgan Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) birinchi prezidenti (1948-1953-y.y.) G.B.Chisxolm xatidan iqtibos keltirdi: “Dunyoni boshqarishga erishish uchun odamlarning shaxsiyatini, oilaviy sadoqat tuyg‘usini, milliy vatanparvarligi va diniy ta’limotini ularning ongidan siqib chiqarish kerak. Haqiqat va yolg‘on kabi bola tarbiyasiga asos bo‘ladigan tushunchalarni barbod qilib, ajdodlar tajribasiga tayanish qadriyatini yangicha – ratsional “tafakkur”ga almashtirish – inson axloqini buzish uchun mo‘ljallangan talablardir”.

M.Kovalchuk “Dunyoni boshqarish strategik bosqichlarini: avvalambor, insonning axloqini buzish, so‘ng uning ongiga muqobil “umumbashariy axloq normalari”ni joylab, shaxsga absolyut erkinlik berish”dan iboratligini asoslab berdi. – “Ushbu bosqichlar oqibatida, davlatlar suverenitetiga barham beriladi”, – deya sharhladi. U matematik modellashtirilgan tafakkur bilan ishlaydigan – kognitiv (axborot, bio va nano) texnologiyalar ta’sir imkoniyatiga katta baho berdi. XXI asrdagi barcha “rangli” inqiloblarni: – “olomon ongini kognitiv texnologiyalar orqali boshqarish oqibati” – deya izohladi. Internet tarmog‘ini esa: – “odamlar o'z ixtiyorlari bilan kiradigan axloq tuzatish lagerlari Bosh Boshqarmasi(GULAG)ning zamonaviy shakli” sifatida ta’rifladi. Boshqacha qilib aytganda, internet kabi kognitiv texnologiyalar – axborot va boshqa vositalar orqali insonga ta‘sir etib, uni stress holatiga tushiriladi. Stress holatdagi olomon esa ongi oson boshqariladigan toifadan hisoblanadi.

Demak, millat vakillari orasida axloqsizlikning ommalashuvi – aholi mafkurasini boshqarish orqali pirovardida davlat suverenitetiga tajovuzga olib boradi. Bundan kelib chiqadiki, tarbiyaga yo‘naltirilgan faoliyat zamirida davlat xavfsizligining muxofazasi yotadi. Shuning uchun ham ajdodlarimiz tizimlashtirgan tarbiya uslublarini bugungi kunga tatbiq eta bilsak, Uchinchi Renessans sur’ati jadallashishiga erishamiz.

Biroq 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari yashaydigan mamlakatimizda islom ta’limoti tarbiya uslublarini boshqa diniy konfessiya vakillariga borligicha tatbiq qilib bo‘lmaydi. Mazkur tarbiya uslublari barcha insonlarga diniy e’tiqodidan qat’iy nazar birday tatbiq etilishi uchun ularning inson ongi nodiniy sohasiga psixologik ta’sirini o‘rganish kerak bo‘ladi. Ta’sir omillari, qonuniyatlari va mexanizmlaridan kelib chiqib dindan holi muqobil uslublar joriy qilinadi.

Bunday tadqiqot o‘tkazish uchun avvalambor, inson ongining nodiniy sohasiga ta’sir etishga moslashtirish mumkin bo‘lgan islom ta’limotidagi bir qancha samarali tarbiya uslublari ajratib olinadi. So‘ng ularning ta’sir samarasini saqlab qolgan holda, har biriga muqobil nodiniy mashqlar ishlab chiqiladi. Misol uchun: oilani mustahkamlashga qaratilgan zikr, g‘azabni tiyish kabi o‘z-o‘zini hotirjam qilish uslublarni olaylik.

Islom ta’limotining Alloh zikri tarbiya uslubiga muqobil ravishda insoniy fazilatlarni yoddan sanash mashqini joriy qilish mumkin. Bunda munosabatida nizo kelib chiqqan tomonlarning har biri o‘nta o‘zining nuqsoni va nizolashayotgan tomonning o‘nta fazilatini birinchi kun yakunida yod aytib berishi kerak bo'ladi. Ularga fazilatlarni lo‘nda va to‘g‘ri ifodalashda yordam beriladi. Imkon qadar shaxsiy nuqsonlarining aksi bo‘lgan fazilatlarni sanashi maqsadga muvofiqligi aytiladi.

Yod olgan fazilatlarni ikkinchi kun davomida o‘n marotaba takrorlaydi va yana o‘nta hislatni qo‘shib yodlaydi. Jami yigirmata hislatni uchinchi kun davomida o‘n marta takrorlaydi. Shu ishni sifatlar soni yuztaga yetgunicha davom ettiradi. O‘n birinchi kundan boshlab esa mavjud sifatlarni, yod olganlaridan fazilatliroq sifatlarga almashtiradi. Diniy xususiyatdan holi bu uslubdan islomga oid bo'lmagan e’tiqoddagi er-xotin yoki ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi nizolarni bartaraf qilishda foydalanish mumkin. Chunki bu uslub bilan insonga o‘zidagi kibr-u havo, g‘ururlanish kamchiligini bartaraf etib, nizolashgan suhbatdoshining fazilatlarini sanagani sari unga hurmati ortishiga olib keladi. Tomonlar o‘z kamchiligini va o‘zganing fazilatlarini anglagach esa nizo bartaraf bo‘ladi.

G‘azabni tiyishga qaratilgan tarbiya uslubida esa diniylik kuzatilmaydi. Faqat uning muqobilini ta’riflashda tushuncha va terminlarni o‘zgartirish kifoya qiladi. Masalan: Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.) bizga: “Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin”, dedilar”. Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan. Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan. Islom diniga oid bo‘lmagan tarbiyalanuvchilarga bu g‘azabni tiyishga oid tarbiya uslubini tushuntirishda inson psixologiyasi va biologiyasiga tayaniladi. Ya’ni, g‘azab, hasadgo‘ylik ovqat hazm qilish a’zolarini jarohatlaydi, g‘am-alam esa qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi. Agar inson biron narsadan doimo qo‘rquvda yashasa, uning qalqonsimon bezlari zahmat chekadi. Asabiy zo‘riqish, salbiy hayajonlar gipertoniyaga, yurak faoliyatining buzilishi va infarktga olib kelishi mumkinligi tushuntiriladi. Bu kasalliklarni olidini olish uchun esa g‘azablanganda, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olishi, o‘tirgan bo‘lsa yonboshlashi, shunda ham g‘azabi ketmasa, yuz-qo‘li va oyoqlarini yuvib olishni tavsiya etiladi.

Er-xotin orasidagi munosabatlarni tiklashda hatto sunnat taloq shar’iy hukmining psixologik ta’sir uslubidan foydalanish ham mumkin. Chunki shar’iy hukmlarga rioya qilinsa, sunnat taloq oilani saqlab qolishga xizmat qiladi. Bugungi kunda yoshlarning o‘ylamay uch taloq qo‘yish holatlari, aslida, ushbu hukmni bilmasliklaridan kelib chiqmoqda.

Ahli sunna va al-jamoa mazhabboshilarimizdan Imom Ahmad (r.a.): – “Sunnat taloq bir martadir, uni uch menstruatsiya ko‘rgunicha tark etadi.”, deganlar. Imom Molik, Avzoi, Imom Shofiy va Abu Ubayd (r.a.)lar ham shunday deganlar. Abu Hanifa (r.a.) “Sunnatida uch marta taloq qilmoqdir har quru'(menstruatsiyadan poklangan)da bitta taloq bilan”, – deganlar. Bu boshqa Kufa olimlarining ham gapidir.

“Hidoya” va “Fatxul qodir” da mufassal bayon qilinishicha, Zafar Ahmad Usmoniy Tahoviy aytadi sunnat taloqni hasan va ahsan taloqqa bo'lishgan. Ahsani – bir taloq qo‘yib, ayolni uch menstruatsiya ko‘rgunicha tark etishdir va bu barcha imomlarning nazdida har bir poklikda bir taloq qo‘ygandan afzalidir. Chunki u nadomatdan eng uzog‘idir, ayolga zararni kamaytiradi. Hasan – har poklanganida bir martadan taloq qo‘yishi bid’at taloqqa nisbatan “hasan” – “yaxshi” bo‘lgan.

Sunnat taloqda qo‘yilgan talablarga asosan, er bir uyda xotinini tark etib, er-xotinlik qilmay boshqa-boshqa o‘rinda yashaydi. Taloqning shar’iy hukmi bo‘lgan bu vaqtda, bugungi kun psixologlari aniqlashicha, ikkovlariga ham o‘z kamchiliklarini, munosabat va tasavvurlaridagi og‘ishlarni anglab, ularni o‘nglash imkonini beradi. Nizoli vaziyatdagi muloqot va o‘zaro aloqalari bilan bog‘liq ko‘nikmalar ijobiy tomonga rivojlanadi. Juftini faqat o‘zicha idrok qilish illatini yengib, hamdardlikka qadam qo‘yishadi. O‘z ehtiyojlari va hissiy ta’sirlanishi to‘g‘risidagi tushunchalari yangilanadi.

Ushbu shar’iy hukmni nizolashgan er-xotinga psixologiyada mavjud bo‘lgan rolli o‘yin nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Ularga o‘zlarini bir xonadonda yashaydigan begonalardek tasavvur qilish tavsiya qilinadi. Bundan tashqari yuqorida keltirilgan o‘z nuqsoni va turmush o‘rtog‘ining fazilatini sanash mashqini qo‘shib bajarish maslahat qilinadi. G‘azabni tiyish mashqlaridan ham lozim bo‘lganida foydalanish mumkin bo'ladi.

Natijada, juftining biron kamchiligidan ranjib arazlashgan er-xotin agar ajrashsa nimalardan mahrum bo'lishini real his etadi. Ya’ni, o‘zaro ta’sir holatini modellashtiradi: er-xotin bir-birining yordamisiz kun kechirishga harakat qiladi. Avval yuvilib, dazmollanayotgan kirlar – yuvilmay uyum bo‘laveradi. Issiqqina tayyor ovqat o‘rniga kolbasa-non kabilar tanovuliga o‘tiladi, mehmonlarga borish, uydagilarni quvontirish harakatlari to‘xtatiladi. Ya’ni ajrashganga o'xshash holatda munosabat qilinadi. Psixolog Anna Azarnova ta’kidlagan rol o‘yinlar uslubining ajoyib xususiyati shundan iboratki, rolli o‘yin bir muncha vaqtgacha o‘zidan holi bo‘lish, odatiy va o‘rganish bo‘lib qolgan, deyarli beixtiyor o‘ynaydigan (“ijro etiladigan”) rollarni qayta tiklashga imkon beradi. 

Islomga oid bo‘lmagan e’tiqod vakillariga ana shu rolli o‘yinlar shakli tavsiya etiladi. Bundan tashqari, sunnat taloq shar’iy talabida mavjud bo‘lgan ayol kishini menstruatsiya davrida taloq qilmaslik sharti ham biologik va psixologik tushuntiriladi. Agar ayollarning menstruatsiya davri o‘rta hisobda bir hafta davom etishi inobatga olinsa, har oyning qariyb bir haftasi “taloqdan tiyilish haftasi”ga aylansa, ajirimlar soni 25 foizga kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ibn Xaldun yozadi: “Ta’lim va tarbiya jarayonida siz bolaning harakatlarini qat’iy chegaralamang, ularga jahl va zulm qilmang. Qaysi shogird zulm va qahr bilan tarbiya topsa, xotirasi tarqoq bo‘lib, shodligi va sururi yo‘qoladi, xotira parishonligi va g‘amgin qalbi tufayli bilim miyasiga ham kirmaydi. G‘amgin, hafsalasiz odam, zaif, sust bo'ladi. O‘z muallimidan zarar va jabr ko'rgan shogird yolg‘onchi, riyokor, hiylagar va fikri buzuq bo‘ladi. Chunki muallimidan qo‘rqib, yuragida alanga qolmaydi. Natijada maktabdan qochadi. Xalos bo‘lish uchun ming bahona topadi. Ba’zan maktabga kelsa ham, o‘qituvchi nazaridan o‘zining yomonligini yashirish uchun ikkiyuzlamachilik qiladi. To‘g‘risini aytmasdan yolg‘on ishlatadi. Borib-borib u yolg‘oni, nayranglari, riyokorligi tabiatiga singib, bolani axloqiy fazilatlardan mahrum etadi. O‘z ustozidan lat yegan, zulm ko‘rgan shogird qo‘rqoq va jur’atsiz bo‘ladi, mazlumlikka o‘rganib, o‘zini himoya qila olmaydi, odamning oliy fazilatlaridan biri bo‘lgan himmat tayanchidan mahrum bo‘ladi!”.

Abdulla Avloniy ta’kidlashicha “Inson javhari qobildir. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib, katta bo‘lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor inson bo‘lib chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub o‘ssa, Allohdan qo‘rqmaydurgan, ... nasihatni qulog‘iga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoi olam bo‘lib qolur”. Betarbiyalikka olib boradigan, teskari ta’sir qiladigan baqirish yoki qo‘l ko‘tarish odatlari ota-onaning farzandiga munosabati noto‘g‘ri shakllanganligi sababidan kelib chiqishi ota-onaga tushuntiriladi.

Agar ota-ona farzandga fikr bildirishning noto‘g‘ri uslubini tanlasa, bola psixologik inqirozdan uzoq yillar davomida chiqa olmasligi mumkinligi haqida ogohlantiriladi. Birinchi inqirozdan ikkinchisiga, so‘ng navbatdagi inqirozga yo‘liqaverishi va natijada bola yolg‘onchi, riyokor bo‘lib ulg‘ayishi ehtimoli katta ekani tushuntiriladi. Farzand tarbiya qilishda ota-onaning eng muhimi, yedirish-u kiyintirishdan ham baland turadigan vazifasi – farzandiga psixologik mo‘tadil muhit yaratishi ekani aytiladi.

Mazkur uslublarning psixologik ta’sirini tatqiq qilish mumkin. Buning uchun avval bu uslublardan foydalanmagan ikki toifa tarbiyalanuvchilar tanlab olish kerak bo‘ladi:

– Islom dini vakillari;

– islom diniga oid bo‘lmagan tarbiyalanuvchilar.

Ularning psixologik portretini o‘rganib, fe’liy nuqsonlari ro‘yxati tuzilgach, har bir nuqsonini bartaraf etishga qaratilgan uslublar tanlab, ularning muqobili shakllantirish kerak bo‘ladi. Mazkur uslublar mos ravishda ikkala toifa tarbiyalanuvchilariga o‘rgatilgach, ulardagi psixologik o‘zgarishlar maxsus testlar yordamida muntazam monitoring qilinsa, tatbiq qilingan tarbiya uslublarining psixologik ta’siridagi farqni o‘rganish mumkin bo'ladi. Axloqiy tarbiya usulining tarbiyalanuvchi psixologiyasiga ta’sir darajasini aniqlaydigan so‘rovnoma tayyorlab, tadqiqot natijalaridan kelib chiqib tavsiyalar ishlab chiqish mumkin.

Bu uslublarning turli toifadagi yurtdoshlarimizning kundalik turmushiga singdirib, turli din vakillarida o'zaro uyg'un psixologik va kommunikativ moslashuvchan qobiliyatlarni tarbiyalash orqali ularning jipslashuvi orttirish mumkin bo‘ladi. Ijtimoiy jipslashuvning ortishi esa Uchinchi Renessans poydevori yaratilish sur’atini oshirishga, aholi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Muhtaram prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Hammamizga ayonki, bugungi murakkab globallashuv davrida jamiyatimizda milliy g‘oya va mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, yoshlarimizni turli zararli g'oya va tahdidlardan asrash, ularni o‘z mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”. Mafkuraviy immuniteti kuchli axloqi go‘zal yoshlarimizdan esa yaqin kelajakda butun musulmon olamining faxr-u iftixori bo'lgan ulug‘ ulamolar, benazir olimlar, mumtoz shoir va mutafakkirlar etishib chiqishiga ishonamiz.

Yashnar XUDAYBERGANOV,

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Islomshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi

Manba: yuz.uz

Izoh qoldirish