481

Xalqaro konferensiya yakunlandi

Xabaringiz bor, Rossiya Federatsiyasidagi Bolgar islom akademiyasida 25-31-oktabr kunlari “Rossiya musulmonlarining diniy merosi” mavzusidagi 3-xalqaro forum o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot bergandik. Mazkur nufuzli forum doirasida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh o‘qituvchi hamda talabalari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Delegatsiyamiz a’zolari konferensiya davomida islom dinining asl mohiyati, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan yurtimizning ulug‘ mutafakkirlari, ularning bebaho ma’naviy merosi haqida batafsil ma’lumot berishdi. Bugungi kunda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, vijdon erkinligi masalalari, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilayotganini ta’kidlandi. Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan asarlarini o‘rganish, tadqiq etish, yoshlarni ilm-ma’rifatli, xalqaro darajadagi zamonaviy mutaxassis kadr sifatida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etishdi. 

Forum yakunida barcha ishtirokchilarning guruhlarga bo‘lingan holda intellektual o‘yini tashkil etildi. 10 ga yaqin guruh qatnashgan bilim bellashuvida Akademiya vakillaridan iborat Toshkent guruhi ham ishtirok etib, nufuzli o‘rinni egalladi. 

Muxtasar aytganda, mazkur safar Akademiya vakillari uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Tashrif davomida xorijlik hamkasblari bilan ilmiy mavzularda suhbat qurishdi. O‘zaro tajriba almashib, bilimlarini yanada oshirishdi.

Shu bilan konferensiya ishi yakunlanib, unda ishtirok etgan delegatsiyamiz a’zolarining dolzarb mavzudagi ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. O‘z navbatida Akademiya vakillari Bolgar islom akademiyasiga mehmondo‘stlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan tashabbusi uchun minnatdorlik bildirishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish