516

Akademiya o‘qituvchisi Qozon federal universiteti talabalariga ma’ruza o‘qidi

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh o‘qituvchi hamda talabalari Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘lib turishibdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi Mirodil Haydarov Qozon federal universiteti talabalariga “Imom Burhonuddin al-Marg‘inoniy – Movarounnahrning buyuk fiqh ulamosi” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Mirodil Haydarov ma’ruza davomida alloma Qur’oni karim, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi, bu sohada beqiyos durdona asarlar yaratganligini ta’kidladi. Ma’ruza talabalarda katta qiziqish uyg‘otib, uchrashuv mavzuga doir savol-javoblarga ulanib ketdi.

Shuningdek, tadbirda o‘zbekistonlik olimlar tomonidan tarjima qilingan “Hidoya” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur asar butun musulmon olamida mashhur sanalib, musulmon huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olinadi. Yakunda Qozon federal universitetiga “Hidoya” kitobi sovg‘a qilindi.

Bundan tashqari, tashrif davomida universitetning Xalqaro munosabatlar instituti tarkibidagi “al-Xadora” arab madaniyati markazi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammad Solih al-Ammari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda al-Ammari markazda talabalarga nafaqat arab dunyosi, balki Markaziy Osiyo madaniyati, tarixi ham o‘rgatilishini aytib o‘tdi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik aloqalarini olib borishdan nihoyatda mamnunligini ta’kidladi.

Safar doirasidagi so‘nggi yangiliklar bilan sizlarni xabardor etib boramiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish