419

Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti bilan hamkorlikda mahorat darsi o‘tkazildi

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hisoblanadi. Talabalarning ilmiy salohiyatini orttirishi maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda turli konferensiya va seminarlar, mahorat darslari tashkil etilyapti.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan “Xitoy iqtisodiy siyosatining evolyutsiyasi” mavzusidagi mahorat darsi shu maqsadda o‘tkazildi. 

Unda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Inna Andronova, iqtisod fanlari nomzodi Darya Sokolan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori Abduvali Isajonov, kafedra professor-o‘qituvchilari, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabalari hamda “Menejment (ziyorat turizmi)” magistratura talabalari ishtirok etdi.

 Onlayn formatda o‘tkazilgan davra suhbatida Xitoy davlati o‘tgan asrning ikkinchi qismi hamda yangi asrda bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan islohotlari, tashqi dunyoga bo‘lgan ochiqlik siyosati sababli misli ko‘rilmagan o‘sish va rivojlanishga erishgani ta’kidlandi. Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar bugungi Xitoy butun jahonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan emas, zamonaviy ilm-fan texnologiyalari bilan tanilib borayotganini qayd etishdi. Mazkur iqtisodiy moʻjiza zamirida to‘g‘ri olib borilayotgan boshqaruv tizimi, ta’lim sohasidagi islohotlar, yosh kadrlarga bo‘lgan e’tibor yotganligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qilishdi. Tinglovchilar mahorat dars mazmunli o‘tgani, foydali bilim va ko‘nikmalar olganliklarini ta’kidlab, mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish