424

Ozarbayjonlik xalqaro kuzatuvchi Akademiyada mehmon bo‘ldi

Saylov - 2021

Bugun 24-oktabr mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovi bo‘lib o‘tmoqda. 

Ushbu siyosiy tadbir nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham katta siyosiy voqea hisoblanadi. Shu bois mazkur saylov jarayonlarining namunali tashkil etilishi va o‘tkazilishini xorijiy davlatlardan kelgan xalqaro kuzatuvchilar ham diqqat bilan kuzatib bormoqda. 

Xususan, ayni paytda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, “Ozarbayjon-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi a’zosi Javanshir Pashazade O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi.

Mehmonni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov samimiy kutib oldi. Dastlab xalqaro kuzatuvchiga “Manbalar xazinasi” bo‘limida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar, qadimiy manbalar, toshbosma asarlar, bo‘lim faoliyati, ilmiy xodimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishni istagan Javanshir Pashazade bilan Akademiya rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Samimiy muloqotda mehmonga Akademiya faoliyati, maqsad va vazifalari, kelajakdagi rejalari, shuningdek, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qisqacha ma’lumot berildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona hamkorlik munosabatlari haqida suhbatlashildi.

Samimiy o‘tgan uchrashuv so‘nggida Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, “Ozarbayjon-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi a’zosi Javanshir Pashazadega tashrif uchun minnatdorchilik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish