480

Misr-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi talabalar bilan uchrashdi

Saylov – 2021

Xabar berganimizdek, 24-oktabr — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovining demokratik talablar asosida o‘tkazilishi xalqaro kuzatuvchilarning ham diqqat-e’tiborida. Saylov jarayonlari arafasida yurtimizga kelgan nufuzli mehmonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishib, aholi va yoshlar bilan samimiy suhbat qurmoqda. 

Bugun xalqaro kuzatuvchi, Misr-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi, professor Magdi Zaabal O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-yoshlari bilan uchrashdi. Tadbirni Akademiyaning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev va “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev olib bordi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, tarixiy jarayonlar, ayni paytdagi o‘zaro aloqalarning yangi istiqbollari haqida fikr almashildi. Xususan, har ikki mamlakatda ham yoshlar masalasiga davlat darajasida e’tibor berib kelinayotgani, barcha sohalar qatori ilm-fan sohalarida yutuqlarga erishilayotgani ta’kidlandi.

Magdi Zaabal o‘z so‘zida O‘zbekistonga oxirgi bor kelganini katta taassurot bilan esladi. Ayniqsa, qisqa fursat ichida yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi. Talaba-yoshlarning ilm-fan sohalarini puxta egallashlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi, yoshlikning har bir fursatini mazmunli o‘tkazish zarurligini maslahat berdi.

Muloqot so‘nggida Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ham taniqli olimdan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi. Samimiy o‘tgan uchrashuv uchun Misr-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi, professor Magdi Zaabalga minnatdorchilik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish