487

Xalqaro kuzatuvchi Akademiya faoliyati bilan tanishdi

Saylov – 2021

Mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovi bo‘lib o‘tishi arafasida. 24-oktabr — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov kuni. 

 Ushbu siyosiy tadbir nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham katta siyosiy voqea hisoblanadi. Shu bois mazkur saylov jarayonlarining namunali tashkil etilishi va o‘tkazilishini xorijiy davlatlardan kelgan xalqaro kuzatuvchilar ham diqqat bilan kuzatib bormoqda. 

Shu kunlarda saylov oldidan mehmonlar uchun yurtimizning diqqatga sazovor joylari, tarixiy qadamjolar, ziyorat maskanlari, oliy ta’lim muassasalariga sayohat tashkil etilmoqda. Xususan, ayni paytda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Malayziya Milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, islomshunos olima Fariza MD Sham xonim Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva hamrohligida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi.

Dastlab xalqaro kuzatuvchilar bilan Akademiya rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov hamda markaz Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Javohirxon Sobirov ishtirok etdi.

Samimiy muloqotda mehmonga Akademiya faoliyati, maqsad va vazifalari, kelajakdagi rejalari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan yangi tashkil etilgan Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, shuningdek, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qisqacha ma’lumot berildi. So‘nggi yillarda soha rivoji uchun tashkil etilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim muassasalari, shuningdek, mahobatli O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilayotgani aytildi.

O‘z navbatida Malayziya Milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, islomshunos olima Fariza MD Sham xonim ham Akademiya tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va yuksak hurmat uchun minnatdorlik bildirdi. Hamkorlik aloqalarini o‘rnatish har ikki ta’lim muassasalari uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi. Bu orqali ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish, sohaga doir ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini joriy etilishidan mamnun bo‘lishini bildirdi.

 — O‘zbekiston — qadim tamaddunlar yurti. Uning tarixiy va ilmiy merosi benazir. Shu bois yurtingizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar e’tiborga molik, — deydi  Fariza MD Sham xonim. — Bizning tadqiqotchi olimlarimiz ham o‘zbek zaminidan kamolga yetgan, dunyo islom sivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosiga juda katta qiziqish bilan qaraydi. O‘ylaymanki, har ikki tomonlama hamkorlik yangi ilmiy izlanishlar tadqiqiga sabab bo‘ladi.

Uchrashuv davomida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilmiy-amaliy konferensiya va simpoziumlar tashkil etish, yangi ilmiy tadqiqotga doir ishlanmalarni o‘zaro almashish yuzasidan kelishuvlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish