465

Akademiyada “Til bor ekan millat barhayot” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Ona tili har bir millatning ruhiyatini, kelajak istiqbolini o‘zida aks ettirib, xalqning mavjudligining asosiy belgisidir. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz bejiz: “Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz”, deya ta’kidlamagan. 

Darhaqiqat, til — millat ko‘zgusi. Har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita. Tilning davomiyligi, umrboqiyligini shu tilda so‘zlovchilarning milliy g‘ururi, kuch-qudrati, adabiyoti va san’ati belgilaydi, deyish mumkin. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan “Til bor ekan millat barhayot” shiori ostida adabiy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, ijodkorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov o‘zining sana munosabati bilan tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan bayram tabrigi bilan ochib berdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida Ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, barchani “O‘zbek tili bayrami” bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan tayyorlangan ko‘y-qo‘shiq va badiiy, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, Dutorchi qizlar guruhining musiqiy chiqishlari namoyish etildi.  

 — O‘z tilini hurmat qilgan ma’rifatli inson o‘zga xalqlarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi, — deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova. — Buni mamlakatimizda ta’lim jarayonlari yetti tilda tashkil etilayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin. Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, madaniyatlarining hurmat qilinishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 

O‘z navbatida ta’kidlash kerakki, tilshunoslar ma’lumotiga ko‘ra, bugun yer yuzida 7 mingga yaqin til va lahja bo‘lib, shulardan bor-yo‘g‘i 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Bundan shuni anglash mumkinki, o‘z ona tilining sofligi va yashab qolishi uchun har bir millat kurashmog‘i zarur. Negaki, o‘z ona tiliga e’tiborsiz va bepisandlik bilan qaragan xalqlarning boshiga qanday kulfatlar tushayotganini bugun barchamiz ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, o‘sha yurtlarda o‘sib-ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlar o‘z milliy tilini unutayotgani achinarli, albatta.ъ

Bir so‘z bilan aytganda, ona tilimizni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir. Atoqli adib Chingiz Aytmatov aytganidek: “Toki til mavjud ekan — xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini — tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimizning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchni ado etgan bo‘lamiz!”.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish