444

Til — millat ko‘zgusi

Ona tili har bir xalqning o‘zligi, milliy qadriyati, o‘tmishi va kelajagini o‘zida ifoda etadi. Uni e’zozlagan xalq o‘zligi, g‘ururi, borlig‘i, birligini asrab-avaylagan bo‘ladi. Millatning bosh belgisi ham ona tilidir.

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan joylarda ona tili rivoji, uni yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi.

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan “Til — millat ko‘zgusi” mavzusidagi ma’rifiy tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik muqaddas boʻlsa, ona tili ham shunchalik aziz ekani, hattoki, goʻdak ham dunyoni ona tili orqali anglashini hayotiy misollar orqali aytib o‘tishdi.

Darhaqiqat, ona tili ham har bir millat va davlatning madhiyasi, bayrog‘i va gerbi kabi mamlakat mustaqilligini belgilovchi asosiy mezonlardan biridir. Ona tilimizni faqat O‘zbek tili bayrami kuni emas, balki har kuni e’zozlashimiz, rivojlantirishimiz zarur. Zero, Abdulla Avloniy “Millatning millat ekanini belgilovchi birlamchi omil – uning tili va adabiyotidir”, deb bejiz ta’kidlamagan.

Qizg‘in savol-javoblar ostida o‘tgan davra suhbati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Mazmunli o‘tgan davra suhbatida ona tilimiz boyligi haqida soha mutaxassislari o‘zlarining boy tajriba va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir so‘ngida xalqimiz, xususan, yoshlar o‘rtasida tilimiz sofligini asrash, uning keng imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi aytildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish