O‘z kelajaging uchun ovoz ber!
Saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘z kelajaging uchun ovoz ber!” mavzusida saylov qonunchiligi bo‘yicha navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti Psixologiya yo‘nalishi 1-kurs talabalariga saylov jarayonida qonunchilikda belgilangan tartib-mezonlarni tushuntirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetining targ‘ibot guruhi taklif qilindi.
Dastlab Xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Sayyora Chinniyeva tadbirni ochib berib, har bir fuqarodan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik va mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi talab etilishini, xalq kimgaki yuksak ishonch bildirsa, ertaga u butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqarishini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng Toshkent davlat yuridik universiteti talaba-yoshlaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari A.Mardonov, A.Shamurodov, S.Xaydarova, G.Saidovalar tinglovchilarga har bir millat, mamlakatning ertasi, kelajagi yosh avlodlar qo‘lida ekanligi, shuningdek yigit-qizlarning siyosiy-ijtimoiy faolligi davlat ahamiyatiga molik masalalarda aks etishi zarurligini ta’kidladilar.
Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlar siyosatiga e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. 2016-yilning 14-sentabrida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu qonun yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilning 20-aprel kuni qabul qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu boradagi ishlarning uzviy davomidir.
Aynan saylovchilarning qariyb uchdan biri yoshlarni tashkil etayotgan sharoitda yoshlarga bo‘lgan yondashuvning zamonaviy usullarini joriy etish ahamiyatga ega. Nafaqat saylov yoshidagi, balki hali saylov yoshiga yetmagan o‘g‘il-qizlarga ham mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan dadil islohotlarning yuksak samaralari haqida tushunchalar berish, ularni saylov jarayonlari bilan hozirdan tanishtirib borish zarur.
Tadbirda so‘z olganlar yoshlarni yosh kategoriyalari bo‘yicha saralab, segment-guruhlar bo‘yicha ishlash yaxshi natija berishi, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali yoshlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy bilimlarini oshirish kerakligini ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, ularga joylarda o‘tkaziladigan tadbirlar orqali saylov qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari va mazmun-mohiyatini tushuntirish, yigit-qizlarni faol fuqarolik pozitsiyasida tarbiyalash g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekani tushuntirildi.
Saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida mavzu yuzasidan savol-javob o‘tkazildi. Yakunda mehmonlarga tadbir tashkilotchilari tomonidan minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish