495

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati turk jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda

Avval xabar berganimizdek 17-dekabr kuni onlayn shaklda “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar” mavzusidagi xalqaro matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur tadbirda Turkiya jamoatchiligi vakillari ham faol ishtirok etdi.

Xalqaro onlayn matbuot anjumanida Turkiyadan Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor Ali Erbash, Ibn Xaldun universiteti rektori, professor Rejep Shenturk, Anqara universiteti o‘qituvchisi – moturidiyshunoslik bo‘yicha yetuk olim So‘nmez Kutlu kabi turkiyalik professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi.

Ali Erbash, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi:

— Movarounnahr – islom tamaddunining zabardast markazlaridan biri. Darhaqiqat, Beruniy, Ibn Sino, Ali Qushchi, Mirzo Ulug‘bek kabi dunyoga ziyo sochgan mutafakkirlar ushbu zaminda yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Abulmu’in Nasafiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi olimlar ushbu diyorning bashariyatga armug‘onidir. Islom dinida mujassam tinchlik, hikmat va omonlik mohiyatini aynan ushbu allomalar butun dunyoga taratgan. Bizlar ayni e’tiqod va til, mushtarak tarix va madaniyat mansublari, Movarounnahrdan yetti qit’aga ilm, hikmat va muhabbat olib borgan tamaddunning vakillarimiz.

Rejep Shenturk, Ibn Xaldun universiteti rektori:

— O‘zbekistondan yetishib chiqqan necha-necha buyuk olimlar bor. Ularga oid asarlarning ko‘pi bizning kutubxonalarimizda qo‘lyozma va bosma holatda saqlanmoqda. Ushbu asarlar har doim mutolaa qilinadi va o‘qitiladi. O‘zbekiston xalqining, davlatining, olimlarining va yoshlarining Imom Moturidiy kabi buyuk bir o‘zbek allomasini va uning tafakkur merosini asrab-avaylashini chuqur ehtirom va cheksiz tashakkur ila olqishlayman. Buning natijasida O‘zbekiston tarixda bo‘lgani kabi yana qaytadan butun dunyo ziyolilari, olimlari va talabalari uchun jozibador ilm markaziga aylanmoqda.

So‘nmez Kutlu, Anqara universiteti o‘qituvchisi, moturidiyshunoslik bo‘yicha yetuk olim:

— Turkiyada moturidiyshunoslik bo‘yicha qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Jumladan, shu kunga qadar Imom Moturidiy va uning ta’limoti mavzusida 6 ta simpozium o‘tkazilib, 2 ta jurnalning maxsus soni chop etilgan. Shuningdek, mavzuga taalluqli 100 dan ortiq kitob, 10 ga yaqin to‘plam nashrga tayyorlangan. Bundan tashqari Moturidiy ilmiy merosiga bag‘ishlangan 58 magistrlik dissertatsiyasi, 29 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilingan. Biz ushbu ilmiy tadqiqotlarning nusxalarini Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga taqdim etishga tayyormiz.

Manba: “Dunyo” AA.

Izoh qoldirish