406

Buyuk ajdodimizning durdona asari ilk bor ommaga taqdim etildi

9 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tarjima qilinib nashr ettirilgan 30-juzi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda markaz xodimlari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, nufuzli ulamolar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari talaba yoshlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Taqdimotning ochilishida soʻzga chiqqanlar Imom Moturudiy merosini oʻrganishning ahamiyati, alloma asarlarining bugungi kundagi ilmiy ahamiyati, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil toʻxtaldilar.

Marosimning asosiy maʼruzachilari buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni  kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida toʻplagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qurʼon va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdilar.

Darhaqiqat, bu borada qator sharafli nomlar bilan eʼzozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosi alohida eʼtiborga molik. Allomaning yuksak qadr va qiymatga ega asarlari zamonlar osha Islomga eʼtiqod qilguvchilarni toʻgʻri yoʻldan ogʻishmasdan dinni asl mohiyatini anglashiga xizmat qiladigan muhim dasturilamal vazifasini oʻtab kelmoqda.

Buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiyning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Taʼvilot al-Qurʼon”dir.

“Taʼvilot al-Qurʼon” asari – moturidiylik taʼlimoti asosidir. Unda hanafiylik, ahli sunna val jamoaning butun aqidasi taʼlif qilingan. Asarda moʻtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sogʻlom fikrdan chalgʻituvchilarning qarashlari, gʻoyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.

Taʼkidlash lozimki, mazkur asar hozirgi davrga qadar Oʻzbekistonda jiddiy oʻrganilmagan edi. Turli fitnalar urchib borayotgan va buzgʻunchi kuchlar islom dinidan gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishga urinayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri boʻlgan bu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish oʻta zarur va gʻoyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.

Shu sabab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi asarning 30-porasini tarjima qilishga kirishib, bu borada Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʻlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratishdi. Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar oʻtkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qurʼon, tafsir ilmlari boʻyicha taniqli olim, moturidiyshunos Ahmad Saʼd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi.

Taqdimot ishtirokchilari markaz xodimlarining mazkur mehnatini yirik ilmiy natija sifatida baholab, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʻlganini qayd etishdi.

Eng ulugʻ, Eng aziz ayyom arafasida imon-eʼtiqodli xalqimizga oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qurʼoni karim suralarining tafsiri Qurʼon oyatlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz taʼlimotini tushunishga asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish