1

Ma’naviy tahdidlar – sog‘lom e’tiqod kushandasi

Bugungi globallashuv jarayoni jadal kechayotgan bir davrda dinning shaxs tarbiyasidagi o‘rnini o‘rganish dolzarb masalardan biri hisoblanadi. Shu bois, milliy g‘oya va istiqlol mafkurasini shakllantirish va yoshlar ongiga singdirishda dinni to‘g‘ri hamda tahliliy o‘rganish dolzarb masalalardan biriga aylandi. 

Turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Jaholatga qarshi ma’rifat yoxud ma’naviy tahdidlar – sog‘lom e’tiqod kushandasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Davra suhbatida Toshkent shahar “Ma’rifiy targ‘ibot markazi” davlat muassasasi direktori Mirzohid Xidirov mavzu doirasida ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi jaholat tushunchasiga ta’rif berib, uning oqibatlari – ekstremizm, radikalizm, fanatizm va ilmsizlik kabi illatlarga to‘xtaldi. Ma’rifiy yondashuv orqali bunday tahdidlarga qarshi turish mumkinligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ta’lim va tarbiyaning roli, oila va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish haqida fikr bildirildi. 

Uchrashuv davomida yoshlar ongiga sog‘lom tafakkurni singdirish, ularni har xil ekstremistik va yot g‘oyalardan himoya qilishning samarali yo‘llari, shuningdek, ma’rifat orqali ongli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatiga doir fikr mulohazalar bildirildi.

Mavzu yuzasidan talabalar tomonidan berilgan savol, taklif, hamda mulohazalari tinglanib, ularga aniq javob va ko‘rsatmalar berildi.

Izoh qoldirish