1

Akademiya rektori G20 dinlararo forumida Oʻzbekiston tajribasi haqida nutq soʻzladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov joriy yilning 15-17-oktabr kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarining Solt-Leyk-Siti shahrida boʻlib oʻtgan G20 dinlararo forumida (Interfaith Forum) ishtirok etib, “Diniy plyuralizm va dinlararo muloqot: Yangi Oʻzbekiston tajribasi va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida nutq soʻzladi.

“Barqaror umidlar, umumiy kelajak” shiori ostida oʻtkazilgan nufuzli xalqaro anjumanda turli din vakillari, olimlar, siyosatshunoslar, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari global muammolarni hal etishda dinlararo muloqotning ahamiyatini muhokama qildilar.

Oʻz nutqida Muzaffar Kamilov diniy plyuralizm shunchaki turli eʼtiqod vakillarining bir jamiyatda yashashi emas, balki oʻzaro hamjihatlik, bir-birini hurmat qilish va hamkorlikka intilish ekanini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning koʻp asrlik bagʻrikenglik anʼanalari, boy ilmiy-maʼrifiy merosi hamda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy taʼlim tizimini takomillashtirish, fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, turli konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash va diniy merosni ilmiy asosda oʻrganish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun Oʻzbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2 300 dan ziyod diniy tashkilot faoliyat yuritayotgani mamlakatimizda konfessiyalararo hamjihatlikning muhim koʻrsatkichidir.

Nutqda, shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Radikalizm va ekstremizmning oldini olishda diniy-maʼrifiy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, profilaktika va ijtimoiy reintegratsiyani uygʻunlashtirish zarurligi qayd etildi. 

Muzaffar Kamilov Oʻzbekiston tajribasi diniy bagʻrikenglik, inson huquqlari va ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlashda huquqiy kafolatlar, maʼrifat va xalqaro hamkorlikning oʻzaro uygʻunligi muhimligini koʻrsatishini taʼkidladi.

Forum doirasida ilgari surilgan fikr va tashabbuslar tinchlikni mustahkamlash, turli din va madaniyat vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonchni rivojlantirish hamda radikalizm va ekstremizmning oldini olish yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

Izoh qoldirish