Akademiyada o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022/2023-oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishni koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtish my.uzbmb.uz platformasi orqali 15-iyuldan 5-avgustga qadar amalga oshirildi.
2026/2027-oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga oʻqishni koʻchirish boʻyicha jami 54 nafar talabgor roʻyxatdan oʻtib, ulardan turdosh taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishni koʻchirish maqsadida 3 nafari “Islomshunoslik” va 4 nafari “Dinshunoslik” taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan.
Mazkur yoʻnalishlarga oʻqishni koʻchirmoqchi boʻlgan talabgorlar uchun 15-avgust kuni kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish belgilangan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 14-avgustdagi “2026/2027-oʻquv yilida oʻqishni koʻchirish boʻyicha imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan, bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan “Dinshunoslik” va “Islomshunoslik” taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar tashkil etildi.
Imtihon jarayonlarini belgilangan tartib-qoidalar asosida yuqori saviyada tashkil etish uchun chet tillar (ingliz, arab va turk) boʻyicha 3 nafar, ijtimoiy fanlar boʻyicha 4 nafar imtihon komissiyasi va 4 nafardan iborat apellyatsiya komissiyasi aʼzolari jalb etildi. Imtihon va apellyatsiya komissiyalari tarkibiga akademiyaning yetakchi professor-oʻqituvchilari hamda boshqa oliy taʼlim muassasasining tegishli soha boʻyicha professor-oʻqituvchilari jalb etildi.
Talabgorlar imtihonni yaxshi topshirishlari uchun qulay sharoit yaratildi, imtihon yorugʻ va salqin auditoriyalarda o‘tkazildi.
Imtihon jarayonida shaffoflik taʼminlanib, imtihon jarayonlari toʻgʻridan-toʻgʻri akademiyaning veb-sayti hamda vazirlikning https://imtihon.edu.uz platformasi orqali translyatsiya qilib borildi.
Talabgorlarga chet tillaridan “gapirish” koʻnikmasi va Ijtimoiy fanlar boʻyicha baholari imtihon jarayonida maʼlum qilib borildi. Umumlashgan baholar shu kunning oʻzida hisoblab chiqilib, akademiyaning veb-sayti va rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon qilinadi.
Keyingi bosqichda talabgorlar oʻqishni koʻchirish boʻyicha oʻtish balini toʻplash uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladigan test sinovlarida qatnashadi. Yakuniy natijalar agentlik tomonidan akademiyaga taqdim etilgandan soʻng oʻqishni koʻchirishga ruxsat etilgan talabgorlar nomi maʼlum boʻladi.
Maʼlumot uchun, “Dinshunoslik” va “Islomshunoslik” taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish uchun oʻtish bali Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriligining 2026-yil 8-iyuldagi 280-son buyrugʻiga koʻra 94 ball etib belgilangan.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish