1

Saudiyaning Pullman ZamZam mehmonxonasi vakillari Akademiyada

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Pullman ZamZam mehmonxonasi vakillari – Samer Xair, Muhammad Ibrohim, Muhammad Seferji va Samir Elshennavy tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, rektor Muzaffar Kamilov boshchiligidagi Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar haj va umra ziyoratlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Samimiy muloqot davomida Pullman ZamZam mehmonxonasi vakillari soʻnggi olti yil davomida Oʻzbekistondan kelayotgan hojilarga xizmat koʻrsatib kelayotganliklari oʻzlari uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi. 

Shuningdek, Oʻzbekiston ziyoratchilariga xizmat koʻrsatish jarayonida yaratilayotgan imkoniyatlar hamda mamlakat rahbariyati tomonidan haj va umra ziyoratlarini samarali tashkil etishga qaratilayotgan eʼtibor alohida eʼtirof etildi.

Akademiya rahbariyati mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekiston hojilariga koʻrsatilayotgan yuksak darajadagi xizmatlar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Uchrashuv davomida Akademiya tomonidan amalga oshirilayotgan “Umra plyus” dasturi doirasida Malayziya, Indoneziya va Turkiyadan keluvchi ziyoratchilarning Oʻzbekistonning Buxoro va Xorazm shaharlari hamda Saudiya Arabistonidagi Pullman ZamZam mehmonxonasida joylashuvini oʻzaro bogʻliq yagona turistik yoʻnalish sifatida tashkil etish hamda mazkur loyihani hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Oʻzbekistonda turizm va mehmonxona infratuzilmasining jadal surʼatlarda rivojlanayotgani, zamonaviy mehmonxonalar soni ortib borayotgani hamda mamlakatda xalqaro ziyorat turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi.

Shuningdek, Akademiya rahbariyati mehmonlarni Oʻzbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqand shahridagi Imom Buxoriy majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif qildi. Xususan, Imom Buxoriy majmuasida tashkil etilgan hadis muzeyining yaratilish tarixi va uning ilmiy-maʼrifiy ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar haj va umra ziyoratlarini samarali tashkil etish, ziyoratchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar.

Uchrashuv samimiy va doʻstona ruhda boʻlib oʻtdi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish