1

AQSh bilan kelgusidagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga AQShning Yuta shtati vakillari Jak Jerard va Pol Pikard tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, rektor Muzaffar Kamilov boshchiligidagi Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar oʻzaro hamkorlikning bugungi holati hamda uning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdilar.

Jak Jerard koʻrsatilayotgan yuksak hurmat, cheksiz mehmondoʻstlik va samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik izhor etdi. Ushbu uchrashuv ular uchun yuksak sharaf va qalblarida umrbod muhrlanib qoladigan unutilmas tarixiy voqea ekanligini taʼkidladi.

Xorijiy vakillar tomonidan oʻzbek xalqining mehr-oqibati va bagʻrikengligi ham ularni shunday maftun etgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mehmonlar “Oʻzbekiston biz uchun ikkinchi vatanga aylanib ulgurdi!” deya yuksak ehtirom koʻrsatdilar.

Mamlakatda diniy bagʻrikenglik, vijdon erkinligi va xalqaro hamkorlik yoʻlida amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlar bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona, jasoratli va uzoqni koʻzlagan siyosatining mevasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Vazirlik va barcha masʼul idoralar tomonidan koʻrsatilgan katta yordam hamda yelkadoshlik uchun alohida minnatdorchilik bildirilib, bunday yuksak eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash tomonlarning kelajakdagi umumiy maqsadlariga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida AQShning Yuta shtati bilan hamkorlikni rivojlantirishga oid “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash hamda uning belgilangan tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Brigam Yang universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Akademiya professor-oʻqituvchilari uchun Yuta shtatidagi oliy taʼlim muassasalarida sohalar kesimida ilmiy stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv samimiy va koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish