1

Radikallashuvga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik

Shu kunlarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya Singapurda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Akademiya huzuridagi “Ziyo” media markazi rahbari Abdulhamid Muxtorov, Akademiya xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev Singapurdagi Diniy reabilitatsiya guruhi (Religious Rehabilitation Group (RRG)ga tashrif buyurdi.

Tashkilot kotibi, doktor Mohamed Feysal Mohd Hassan va maslahatchi Muborak Habib Muhammad qabul qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Singapur Respublikasidagi elchixonasi konsuli Akmal Maxmudov ishtirok etdi. 

Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad radikallashuv va ekstremizmga qarshi kurashish, shaxslarni deradikalizatsiya qilish hamda ularni jamiyatga qayta moslashtirish boʻyicha Singapur va Oʻzbekiston tajribasi, mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor yondashuvlar hamda RRG bilan Akademiyaning ikki yoqlama hamkorlik oʻrnatish masalasi muhokama qilindi. 

Uchrashuv boshida Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida ikki yoqlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi hamda ushbu doʻstlik munosabatlariga ikki davlat rahbarlarining 2023-yili tashkil etilgan oliy darajadagi tashriflari sabab ekanligi taʼkidlandi. 

RRG 2003-yili tashkil etilgan boʻlib, radikallashgan shaxslar bilan diniy, psixologik va ijtimoiy reabilitatsiya hamda radikallashuvga qarshi preventiv profilaktika ishlarini amalga oshiradigan nufuzli jamoat tashkiloti hisoblanadi. RRG nodavlat tashkiloti ulamolar, ijtimoiy-diniy soha mutaxassislari hamda volontyorlar koʻmagiga tayanadi. Tashkilot Singapur jamiyatida katta ishonchga ega institutga aylangan. RRG faoliyatida tayyor qoliplardan emas, balki har bir shaxsning psixologik holati, hayotiy tajribasi, hissiy kechinmalari va radikallashuvga olib kelgan omillarni chuqur oʻrganish asosida individual yondashuv qoʻllaniladi. 

Uchrashuvda Singapurda radikallashuvga qarshi kurashish boʻyicha maxsus konsepsiya ishlab chiqilgani, u tahdidlar xususiyati va zamon talablaridan kelib chiqqan holda muntazam takomillashtirib borilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, soʻnggi yillarda oiladagi ayollar omilining radikallashuv jarayonlaridagi taʼsiri ortib borayotgani qayd etilib, mazkur yoʻnalish ham alohida tadqiq etilayotgani taʼkidlandi.

Muloqotda axborot makonidagi tahdidlar ham atroflicha muhokama qilindi. RRG vakillarining fikricha, globallashuv sharoitida ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar radikal gʻoyalarni tarqatishning eng taʼsirchan vositalaridan biriga aylangan. 

Muloqot davomida Oʻtkir Hasanboyev oʻzaro tajriba almashish qator amaliy xulosalar chiqarish imkonini berishi aytib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, mamlakatimizda radikallashuvning oldini olish va deradikalizatsiya sohasida davlat idoralari, diniy ulamolar, psixologlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari global axborot maydonida faol ekanligi qayd etildi hamda Akademiya ushbu sohada kadrlar tayyorlovchi, amaliy faoliyat va ilmiy tadqiqot olib boruvchi unikal “klaster” ekanligi taʼkidlandi.

Uchrashuvning soʻngida RRG rahbariyati vakillari Akademiya bilan radikallashuv va ekstremizmning oldini olish, deradikalizatsiya, strategik kommunikatsiya hamda ijtimoiy reabilitatsiya sohalarida oʻzaro tajriba almashishdan manfaatdor va tayyor ekanliklarini taʼkidladi.

Mazkur muloqot ikki tomon oʻrtasida radikallashuv va ekstremizmning oldini olish, deradikalizatsiya, strategik kommunikatsiya hamda ijtimoiy reabilitatsiya sohalarida oʻzaro tajriba almashishni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. 

Eng muhimi, bu kabi amaliy muloqotlar davlat rahbarlari tomonidan yoʻlga qoʻyilgan Oʻzbekiston – Singapur munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga, shuningdek, tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat ustuvor boʻlgan barqaror jamiyat barpo etish yoʻlidagi umumiy intilishlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish