Akademiya professor-o‘qituvchilarining Buxarest universitetidagi stajirovkasi yakunlandi
Buxarest universitetida Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi doirasida amalga oshirilayotgan stajirovka davomida universitetning ilmiy-ta’lim muhiti, kutubxona-resurs markazlari, Falsafa fakultetining o‘quv-metodik faoliyati hamda ilmiy nashrlar tizimi batafsil o‘rganildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov, kafedra dotsentlari Dilafruz Turdiyeva va Mohira Abdullayeva hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti Nilufar To‘ychiyeva stajirovka jarayonida Buxarest universiteti Falsafa fakulteti kutubxonasi va “Carol I” nomidagi Markaziy universitet kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
“Carol I” Markaziy universitet kutubxonasi Ruminiyaning muhim akademik markazlaridan biri bo‘lib, u markaziy bino, pedagogika bo‘limi va universitet tarkibidagi 16 ta filial kutubxonasini o‘zida mujassam qilgan. Kutubxona fondi 2,4 milliondan ortiq jildni qamrab oladi hamda adabiyot, psixologiya, falsafa, huquq, tarix, geografiya, iqtisodiyot, matematika kabi yo‘nalishlarda ta’lim va tadqiqot jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xizmat ko‘rsatadi.
Bugungi kunda kutubxona ma’muriyati noyob fondlarni saqlash va raqamli resurslarni boyitishga alohida e’tibor qaratmoqda. “Carol I” kutubxonasining RESTITUTIO raqamli platformasi qo‘lyozmalar, eski va nodir kitoblar, matbuot nashrlari, serial nashrlar, ikonografik, kartografik hamda audio-video materiallarning raqamlashtirilgan to‘plamlarini jamlagan. Bu resurslar ilmiy izlanishlar, manbashunoslik, madaniy merosni saqlash va akademik almashinuv uchun muhim ahamiyatga ega.
Buxarest universiteti Falsafa fakulteti 1860-yilda tashkil etilgan bo‘lib, universitetning dastlabki fakultetlaridan biri hisoblanadi. Fakultet tuzilmasida “Nazariy falsafa” kafedrasi, “Amaliy falsafa va falsafa tarixi” kafedrasi, “Madaniyatlararo aloqalar, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish bo‘yicha UNESCO” kafedrasi faoliyat yuritadi.
Stajirovka davomida fakultetdagi ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va fan syllabusi bilan tanishildi. Bakalavriat bosqichidagi “Falsafa” dasturi 3 yil davom etadi va 180 kreditdan iborat. Dastur “Mantiq”, “Ontologiya”, “Bilish nazariyasi”, “Etika”, “Estetika”, “G‘oyalar tarixi”, “Til falsafasi” kabi fundamental fanlarga tayangan holda tashkil etilgan. Uchinchi kursda talabalar nazariy falsafa, siyosiy va axloqiy falsafa, falsafa tarixi va madaniyat falsafasi modullaridan birini tanlash imkoniyatiga ega.
Magistratura bosqichida fakultet rumin va ingliz tillarida o‘qitiladigan bir qator ta’lim mutaxassisliklarini taklif etadi. Ular jumlasiga “Amaliy etika”, “Falsafiy g‘oyalar tarixi va aylanishi”, “Xalqaro rivojlanish tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar etikasi”, “Falsafa va tanqidiy tafakkur”, “Falsafiy maslahat”, “San’at tarixi va madaniyat falsafasi”, shuningdek, ingliz tilidagi “Communication and Intercultural Studies”, “Intercultural Management” va “Business Administration” kabi mutaxassisliklar kiradi.
Stajirovka mobaynida fakultetning ilmiy nashrlar faoliyati ham alohida o‘rganildi. Buxarest universiteti Falsafa fakulteti doirasida “Annals of the University of Bucharest. Philosophy Series”, “Public Reason”, “Romanian Journal of Analytic Philosophy” va “International Journal of Aesthetics and Philosophy of Culture” kabi ilmiy jurnallar faoliyat tashkil qilingan. Erkin foydalanish mumkin bo‘lgan, xalqaro ilmiy platformalarda indeksatsiyalanishi jihatidan mazkur jurnallar olimlar orasida mashhur bo’lib, ulardan “Public Reason” jurnali ko‘p yillar davomida Scopus bazasidan o‘rin olib keladi.
Bundan tashqari, stajirovka davomida Buxarest universitetining xalqaro akademik integratsiya jarayonlaridagi o‘rni, xususan, uning CIVIS — “Europe’s Civic University Alliance” tarkibidagi faoliyati ham atroflicha o‘rganildi. CIVIS alyansi Yevropa Komissiyasining “European Universities Initiative” dasturi doirasida shakllangan bo‘lib, hozirgi kunda Yevropaning 11 yetakchi universitetini birlashtiradi. Alyans tarkibiga Buxaarest universiteti bilan bir qatorda Eks-Marsel universiteti (Aix-Marseille Université), Afina Milliy va Kapodistrian universiteti (National and Kapodistrian University of Athens), Bryussel universiteti (Université libre de Bruxelles), Madrid avtonomiyasi universitet (Universidad Autónoma de Madrid), Roma Sapienza universiteti (Sapienza Università di Roma), Stokgolm universiteti (Stockholm University), Eberxard Karls Tyubingen universiteti (Eberhard Karls Universität Tübingen), Lozanna universiteti (University of Lausanne), Saltsburgdagi Parij Lodron universiteti (Paris Lodron University of Salzburg) hamda Glazgo universiteti (University of Glasgow) kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari kiradi.
CIVIS alyansi Buxarest universitetining xalqaro ta’lim va ilmiy tadqiqotlar tizimidagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim strategik platforma vazifasini bajarmoqda. Alyansning muhim jihatlaridan biri — uning “civic university”, ya’ni jamiyat bilan integratsiyalashgan universitet konsepsiyasiga asoslanganidir. Ushbu model universitetlarni faqat ta’lim va ilm markazi sifatida emas, balki ijtimoiy taraqqiyot, madaniyatlararo muloqot, ekologik barqarorlik va fuqarolik mas’uliyatini rivojlantiruvchi institut sifatida talqin qiladi. Shu bois CIVIS doirasidagi faoliyat sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishi, raqamli transformatsiya, urbanizatsiya, migratsiya, Yevropa madaniy merosi kabi global muammolarni yechishga qaratilgan ilmiy va ta’limiy tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Umuman olganda, Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi doirasida Buxarest universitetida o‘tkazilgan stajirovka Yevropa oliy ta’lim tizimining zamonaviy tendensiyalari, xalqaro universitet alyanslari faoliyati, ilmiy nashrlar siyosati, kutubxona va raqamli resurslar boshqaruvi, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida shakllantirish tajribalarini o‘rganish imkonini berdi. Olingan tajribalar kelgusida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish hamda ta’lim jarayonini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish