Rossiya islom instituti bilan hamkorlik aloqalarida yangi davr
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Rossiya islom instituti rektori, Tatariston Respublikasi bosh muftiysi o‘rinbosari Rafik Muhametshin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Delagatsiya a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Olim Astanakulov, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev kutib oldi.
Suhbat avvalida rektor Muzaffar Kamilov mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ko‘rib turganidan mamnun ekanligini bildirdi.
Oʻz navbatida Rafik Muhametshin Akademiya rahbariyatiga samimiy qabul va yuqori darajada tashkil etilgan uchrashuv uchun tashakkur izhor etdi.
Uchrashuv davomida Rafik Muhametshin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining barpo etilishi butun musulmon olami uchun beqiyos ma’naviy meros bo‘lib xizmat qilishi hamda “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilining amaliy ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.
Samimiy muloqot jarayonida ikki oliy o‘quv yurtining bugungi salohiyati va hamkorlik imkoniyatlari haqida muzokaralar olib borildi. Rossiya islom instituti rektori professor Rafik Muhametshin O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan do‘stona aloqalar hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘z istaklarini bildirdi.
Xususan, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, ilmiy maqolalar almashish, onlayn va oflayn binar darslarni tashkil etish orqali mavjud hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.
Rasmiy muloqotdan so‘ng ikki tomonlama memorandum imzolash marosimi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, 2019-yil O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Rossiya islom instituti o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolangan edi. Ortda qolgan yillar davomida o‘zaro hamkorlikda bir qancha tadbirlar o‘tkazildi. Ilmiy seminar, ilmiy-amaliy anjuman va konferensiyalar, professor-o‘qituvchilarning binar darslari shular jumlasidan.
Samarali hamkorlik sabab mazkur memorandumning muddati yana uzaytirildi.
Hamkorlik kelishuviga muvofiq, istiqboldagi o‘quv va ilmiy sohada hamkorlikni yanada kengaytirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy maqolalar nashrida har ikki tomonning jurnallari imkoniyatlaridan keng foydalanish, yozgi lagerlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Tashrif davomida mehmonlar uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.
Ekskursiya davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish