3

O‘zbekiston va Misr: qo‘shma ilmiy dasturlar tashkil etishga e’tibor qaratildi

Mamlakatimizda ma’naviy merosni avaylash, ilmiy tadqiqot sohalarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari o‘z samarasini berib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Misrning “Al-Azhar” majmuasi rahbari o‘rinbosari, bosh imom o‘rinbosari va Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Doktor Muhammad Abdurrahmon ad-Duvayniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.  

Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o’rinbosari Shahzod Islomov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori Irgash Daminov hamda yurtimizdagi diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etishdi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik talabalarni Al-Azharga qabul qilishni osonlashtirish maqsadida ta’lim, targ‘ibot, o‘qitish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy dasturlarni tashkil etishga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, Imom Moturidiy ilmiy merosini birgalikda tadqiq etish, ekstremizmga qarshi kurashda o‘zaro tajriba almashish va ilmiy anjumanlar tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh xulosalari soha mutasaddilariga taqdim etilishi belgilandi.  

Izoh qoldirish