1

Xalqaro hamkorlik doirasida ilmiy stajirovka jarayonlari boshlandi

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun Qozog‘istonning L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universitetida xalqaro stajirovka jarayonlari boshlandi.

Universitet Qozogʻistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, xalqaro reytinglarda (QS World University Rankings: 317-oʻrin) munosib oʻrinlarni egallab kelmoqda. 

Mazkur xalqaro stajirovkada “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, professor Zebo Qosimova, dotsentlar Azamat Nazarov, Murod Saparov, shuningdek “Dinshunoslik va qiyosiy dinlarni oʻrganish UNESCO” kafedrasi dotsenti Dilafruz Turdiyeva hamda “Psixologiya” yoʻnalishi talabalari va magistrantlari ishtirok etmoqda.

Stajirovka 1 hafta davom etishi rejalashtirilgan boʻlib, uning doirasida Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun ilmiy seminarlar tashkil etiladi. 

Dastlab ishtirokchilar universitetning “Psixologiya” kafedrasi mudiri, dotsent Aliya Mambetalina hamda “Dinshunoslik” kafedrasi mudiri Baljan Kalemshariv bilan uchrashdilar. Uchrashuv davomida kafedralar faoliyati, taʼlim va ilmiy tadqiqot yoʻnalishlari, zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar olindi. 

Shuningdek, stajirovka ishtirokchilari universitet qoshidagi “Psixologiya” laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, amaliy tadqiqotlar, psixodiagnostika usullari va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi bilan bogʻliq ilgʻor tajribalarni oʻrgandilar. 

Uchrashuvlar doirasida kelgusidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, talabalar oʻrtasida akademik mobillik dasturlarini kengaytirish, stajirovka almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar uchun ilmiy stajirovkalarni tashkil etish hamda qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha hamkorlik rejalashtirildi. 

Mazkur stajirovka Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti oʻrtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va kadrlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izoh qoldirish