1

AQShning Brigam Yang universiteti bilan Anglashuv memorandumi imzolandi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Brigam Yang universiteti bilan Anglashuv memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan Akademiyaga Amerika Qo‘shma Shtatlarining Iso Masihiyning oxirgi kun avliyolari cherkov vakili Jak Jerard hamda Brigam Yang universiteti Gumanitar fanlar fakulteti dekani Kristofer Oskarson boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev kutib oldi.

Suhbat avvalida rektor Muzaffar Kamilov mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga tashrifi bilan qutladi.

Oʻz navbatida Jak Jerard Akademiya rahbariyatiga samimiy qabul va yuqori darajada tashkil etilgan uchrashuv uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Joriy yilning o‘zida Akademiyaga ikkinchi marotaba tashrif buyurayotgani, har safar bu ilmiy-ma’rifiy majmua unda katta taassurot qoldirayotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, Brigam Yang universiteti Gumanitar fanlar fakulteti dekani Kristofer Oskarson Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlari qisqa muddatda o‘zining samarasini ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi. Xususan, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, siyosat va ta’lim sohalarida aloqalar tobora rivojlanayotganini alohida qayd etildi. 

Ma’lumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 31-oktabrdagi topshiriq xatiga muvofiq, AQShning Brigam Yang universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolash va hamkorlikda ingliz tilini oʻrgatishning zamonaviy taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish hamda diniy bagʻrikenglik, oʻzaro hamjiрatlik mavzularida qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari belgilangan edi.

Yuqoridagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2025-yil 10-dekabr kuni Akademiya tomonidan Brigam Yang universiteti vakillari bilan onlayn muzokaralar olib borildi. 

2026-yil 19-yanvar kuni esa Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining Iso Masihiyning oxirgi kun avliyolari cherkov vakili Jak Jerard boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv o‘tkazilgan edi.

Bugungi Memorandum imzolash marosimi ham ana shu uchrashuvning tadrijiy davomi sifatida xizmat qildi.

Muloqot davomida quyidagi masalalar muhokama etildi:

Xususan, Akademiyada tayyorlangan va ingliz tiliga tarjima qilingan “Islom ensiklopediyasi” kitobini tahrirlash jarayonida hamkorlik qilish, Yuta shtatidagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ingliz tili oʻqituvchilar uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida soha va darajalarga boʻlgan holatda oʻqitish boʻyicha trenerlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot olib borayotgan diniy soha vakillariga ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha maxsus oʻquv dasturini ishlab chiqish kabi masalalar kun tartibida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda Brigam Yang universiteti Gumanitar fanlar fakulteti dekani Kristofer Oskarson ishtirokida Anglashuv memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi.

Yakunda mehmonlar samimiy qabul va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

O‘zaro esdalik sovg‘alari almashildi.

Bundan tashqari, mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdilar.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Iso Masihiyning oxirgi kun avliyolari cherkov vakili Jak Jerard “Faxriy mehmonlar kitobi”ga dil so‘zlari va tilaklarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Ekskursiya davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Ziyorat mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish