Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum muhtaram ustozlar!
Aziz talaba-yoshlar!
Sizlarni butun islom ummati uchun ulugʻ va fayzli ayyom – qalblar poklanishi, maʼnaviy kamolot va insonparvarlik gʻoyalari ulugʻlanadigan muborak Ramazon hayiti bilan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi va shaxsan oʻz nomimdan chin yurakdan qutlayman.
Ramazon oyi – sabr-toqat, bagʻrikenglik, ezgulik va hamjihatlik timsoli boʻlib, u insonni nafs tarbiyasi, yuksak maʼnaviyat hamda komillik sari chorlaydi. Muborak hayit ayyomi esa ana shu ulugʻ qadriyatlarni yanada mustahkamlab, jamiyatimizda tinchlik, hamjihatlik va oʻzaro hurmat muhitini kuchaytiradi.
Bu borada davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan tabriklarida aytilganidek, “Albatta, tub mohiyatida insonparvarlik gʻoyasi mujassam boʻlgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uygʻun va hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz”.
Haqiqatan, bugun Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida vijdon erkinligini taʼminlash, diniy taʼlimni takomillashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy merosimizni chuqur oʻrganish va jahon jamoatchiligiga xolis tarzda yetkazish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, poytaxtimiz Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizning boy ilmiy-maʼrifiy salohiyati, islom madaniyati va ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasining yorqin ramzi sifatida jahon ahli eʼtiborini tortmoqda. Ushbu markaz islom dinining tinchliksevar, bagʻrikeng va maʼrifatparvar mohiyatini keng yoritishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Samarqand shahrida buyuk muhaddis, islom olamining iftixori Imom Buxoriy hazratlari majmuasining yangi qiyofada barpo etilishi ajdodlarimiz ilmiy merosiga boʻlgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasidir. Bu maskan nafaqat ziyoratgoh, balki ilmiy-maʼrifiy markaz sifatida ham kelajak avlod tarbiyasida muhim oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi ham ushbu ulugʻ maqsadlar yoʻlida islom ilmlari, diniy bagʻrikenglik, ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼrifat bilan kurashish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etish borasida faol mehnat qilib kelmoqda.
Qadrli doʻstlar!
Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-osoyishtalik, oilalaringizga fayz-u barokat, yurtimizga esa doimiy taraqqiyot va farovonlik tilayman.
Alloh taolo tutgan roʻzalarimiz, qilgan duo va ibodatlarimizni dargohida qabul etsin.
Ramazon hayiti muborak boʻlsin!
Muzaffar Kamilov,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish