1

Hashar – hamjihatlik va obodlik ramzi

Xabaringiz bor, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan joriy yilning 13-14 mart kunlari mamlakatimizda umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

Milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz, qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar ko‘pchilikni birdamlikka, ahillikka va mehr-oqibatga undashi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bois, xalqimizda hashar – elga yarashar degan ezgu ibora bor.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham mazkur tadbir yuqori kayfiyat va uyushqoqlik bilan tashkil etildi. 

“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etilayotgan ushbu umumxalq tadbirida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdilar. Ular oliy ta’lim muassasasi hududida keng obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib bordilar. 

Hashar davomida ariqlar tozalanib, daraxtlar oqlandi. Gul ko‘chatlarining taglari yumshatildi. Chiqindilar belgilangan hududlarga olib chiqildi. Hashar elga yarashar, deydilar. O‘zaro hamjihatlik, inoqlik asosida tashkil etilgan xayrli tadbir natijasida Akademiya hududi, xizmat xonalari ozoda, shinam va obod holga keltirildi. Atrof-muhitni yanada pokiza va ozoda qilish ishlari amalga oshirildi.

Umumxalq hashari ertaga ham davom etadi. Hashar Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan Alleya maydonida bo‘lib o‘tadi. Hurmatli ustozlar va talabalar hasharda ishtirok etib, Akademiya va atrof-muhit obodonligi va tozaligiga o‘z hissangizni qo‘shing. Barchangizni umumxalq hashariga chorlab qolamiz!

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish