1

Falastin elchisi Akademiyada

Bugun Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vail Al Batrehi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida mehmon bo‘ldi. 

Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Olim Astanakulov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev hamda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev ishtirok etdi. 

Suhbat avvalida rektor mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, Akademiya va uning faoliyati haqida to‘liq ma’lumot berdi. 

O‘z navbatida elchi Vail Al Batrehi Akademiya rahbariyatiga qabul va tashkil etilgan uchrashuv uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. 

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarga har tomonlama ko‘rsatilayotgan yordam uchun samimiy tashakkur izhor etdi. 

Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar uzoq tarixga ega ekanligini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholashini aytib o‘tdi. Xususan, O‘zbekistonda shakllangan mo‘tadil islom tamoyili va turli millat va din vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik butun dunyo mamlakatlari uchun namuna bo‘la olishini alohida ta’kidladi. 

Samimiy muloqot davomida Akademiya hamda Falastindagi nufuzli universitetlar va radikalizm va terrorizmga qarshi kurash markazlari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ilmiy markazlar bilan arab tili, turizm, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt kabi zamonaviy sohalarda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, elchi Vail Al Batrehi ishtirokida Akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun ma’ruzalar tashkil etish taklifi bildirildi. 

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Izoh qoldirish