Misr bilan hamkorlik aloqalari muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Misrning O‘zbekistondagi elchisi Tamer Hammad boshchiligidagi tashrif buyurdi.
Hurmatlimehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Olim Astanakulov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev hamda rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev kutib oldi.
Suhbat avvalida Akademiya rektori mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga tashrifi bilan qutlab, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, siyosat va ta’lim sohalarida aloqalar tobora rivojlanayotganini alohida qayd etdi.
Elchi janoblarining 2025-yil 27-noyabr kuni Akademiyaga qilgan tashriflari ikki tomonlama hamkorlik aloqalarida yangi bosqichni boshlab bergani ta’kidlandi.
O‘z navbatida elchi Tamer Hammad Akademiya rahbariyatiga qabul va tashkil etilgan uchrashuv uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Samimiy muloqot davomida Akademiya va Misrdagi al-Azhar universiteti o‘rtasida 2018-yilda imzolangan Anglashuv memorandumini yangilash, Akademiyadagi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasini kengaytirish va qo‘shma fakultetga aylantirish, Akademiya hamda Misrdagi Qohira universiteti, Iskandariya universiteti, Ayn Shams universiteti va Salam ekstremizmga qarshi kurash markazi, Terrorizmga qarshi kurash al-Azhar observatoriyasi kabi muassasalar o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Akademiya va Misrdagi ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan arab tili, turizm, iqtisodiyot, islom moliyasi, sun’iy intellekt kabi zamonaviy sohalarda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik o‘rnatish har ikki tomon uchun samarali bo‘lishi qayd etildi.
O‘z navbatida elchi janoblari yuqoridagi takliflarni o‘rganib chiqishga tayyor ekanligini bildirib, Misrda diniy fatvolar, qo‘lyozmalarni tadqiq etish, til o‘rganish va sun’iy intellekt bo‘yicha katta tajriba borligini ta’kidladi va elchixona bu yo‘nalishlarda ta’lim muassasalari bilan aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashishini qo‘shimcha qildi.
Rektor Muzaffar Kamilov tibbiyot sohasida ham kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratdi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent tibbiyot universiteti hamda Misrdagi tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan universitet o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturini ochishni taklif etdi. Bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kirilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida akademiya rektori elchixonaning amaliy yordam va hamkorlikka tayyor ekanligi uchun minnatdorlik bildirib, markaz ochish taklifi o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish