O‘zbekiston va Misr: dunyo tamaddunining ikki poydevori
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Tamer Hammad tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Olim Astanakulov, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Elchi janoblarining yurtimizdagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilandi.
Samimiy muloqotda Akademiya rektori Muzaffar Kamilov Misr insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy markazlari ekani, islom olami, arab mamlakatlari, umuman, bashariyat tamaddunida alohida o‘rin tutishini bildirdi.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yanada rivojlanib, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy sohalarda yangi imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidlab, bu borada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi o‘rtasidagi aloqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlaganini e’tirof etdi.
Mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Muassasa davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.
Oʻz navbatida, Misr elchisi Tamer Hammad samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. U oʻz soʻzida buyuk allomalar, mutafakkirlar, shuningdek, islom olamiga Buxoriy, Termiziy, Nasafiy, Margʻinoniy, Moturidiy kabi minglab buyuk shaxslarni yetkazib bergan diyorda boʻlib turganidan mamnunligini alohida taʼkidladi.
Davra suhbatida ulug‘ allomalarning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.
Shu oʻrinda, hamkorlik imkoniyatlari keng ekanligiga urgʻu berib, talabalar almashinuvi, magistrlarning ta’lim jarayonlari, ilmiy-metodik almashinuvlar, professor-o‘qituvchilarning hamkorlikdagi dars berishlari borasida fikr yuritildi.
Rektor Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini haqida so‘z yuritildi.
Jahon tamadduni rivojida o‘zbekistonlik olimlarning o‘rni yuksak ekanini bildirdi. Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi.
Muloqot yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish