
Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi, professor Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Xalqaro hamkorlik masalari bo‘yicha prorektor Olim Astanakulov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Elchi xonimning yurtimizdagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilandi.
Samimiy muloqot davomida Indoneziyaning Sharif Hidayatulloh davlat islom universiteti bilan hamkorlikda joriy yilning 25-oktabr kuni Akademiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminarning kun tartibi muhokama qilindi.
Rektor Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm va ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar ikki mamlakat madaniyati, san’ati, turizm sohalarida yangi davrni boshlab berishini alohida ta’kidladi.
Muloqotda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini haqida so‘z yuritildi.
Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi, professor Siti Ruhaini Juhayatin elchilik faoliyati davomida mehmondo‘st va ochiqko‘ngil xalqimiz bilan yaqindan tanishib borayotganini e’tirof qildi.
O‘zbekiston va Indoneziya o‘zining diniy bag‘rikengligi, ilmiy salohiyati va madaniy xilma-xilligi misollarda ko‘rsatib o‘tildi.
Jahon tamadduni rivojida o‘zbekistonlik olimlarning o‘rni yuksak ekanini bildirdi. Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi.
Muloqot yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish