1

Akademiya rektori Yuta shtati Senati Raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Avval xabar berganimizdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yuta shtatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Yuta shtati Senatida O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining qabuli bo‘lib o‘tdi. 

Mehmonlarni Yuta shtati Senati Raisi Styuart Adams kutib olib, Senat faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari bilan muloqot o‘tkazildi.

Samimiy suhbat davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasidagi uchrashuvi ikki mamlakat hamkorlik munosabatlarida yangi davr boshlanganini e’tirof etishdi.

Akademiya rektori yurtimizdagi diniy-ma’rifiy, ijtimoiy-huquqiy sohadagi islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Yuta shtati Senati Raisi Styuart Adams O‘zbekistonni xalqaro hamjamiyatda o‘z so‘zi va o‘rniga ega mamlakat deb e’tirof etdi.

Muloqot davomida kelgusidagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.

Yakunda samimiy qabul va yuqori darajadagi uchrashuv uchun Akademiya rektori Muzaffar Kamilov Yuta shtati Senati Raisi Styuart Adamsga o‘z minnatdorligini izhor qildi.

Tomonlar esdalik sovg‘alari almashishdi.

Izoh qoldirish