1

Akademiya talabalari ijrosida yana bir spektakl namoyish qilindi

“Mustaqillik darslari” doirasida bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘lding, aziz bo‘lding!” spektakli namoyish etildi. 

Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan taqdim etilgan spektaklda professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda 1-kurs talabalari ishtirok etdi.

Dramaturg Xoliq Xursandovning “O‘lding, aziz bo‘lding!” nomli asari asosida sahnalashtirilgan spektakl tomoshabinni gohida kuldiradi, gohida chuqur mushohadaga undaydi. Bugungi kundagi ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, aka-ukalarning mehr-oqibati, do‘stlik, sof insoniy tuyg‘ular haqida so‘z boradi.

Spektakl syujetiga ko‘ra, keksayib qolgan Mavlon ota do‘sti Yo‘ldoshning ta’ziyasiga borib keladi va u yerdagi holatdan juda ta’sirlanadi. Oshnasining yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li yetib kelolmay, otaning o‘zgalar tomonidan tuproqqa qo‘yilgani Mavlonni tashvishga soladi. Shu on o‘zining ertasi haqida o‘ylab qoladi. Bir kuni omonatini topshirganida, uning ham boshida “otam”lab turadiganlari kelmay qolsa-ya!.. Bundan cho‘chigan qariya bir hiyla o‘ylaydi. Rafiqasi va do‘stini yoniga chaqirtirib, o‘zini o‘ldiga chiqarishlarini tayinlaydi. Shu yo‘l bilan kimning qandayligini bilib olmoqchi bo‘ladi. 

Asar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etilgan har bir rol tengdoshlarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish