1

Samimiy muloqotda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xabaringiz bor, joriy yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Qatar davlati vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurgan edi. 

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olingan edi.

Mazkur ishlarni davom ettirish maqsadida Akademiyada Qatar davlati vaqf va islom ishlari vaziri o‘rinbosari Muhammad bin Hamad al-Kavariy boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Ergash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev hamda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o’qituvchisi Bahodir Pirmuhamedov kutib oldi.

Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov hurmatli mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.

Muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Akademiya davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.

O‘z navbatida Muhammad bin Hamad al-Kavariy o‘tgan oy vazir janoblari G‘anim bin Shahin al-G‘animga ko‘rsatilgan yuksak hurmat va mehmondo‘stlik uchun yana bir bor minnatdorlik bildirar ekan, vazir janoblarining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi do‘stona muloqot, samimiy hamkorlik tobora kuchayib borayotgani e’tirof etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. 

Xususan, yurtimizdagi mavjud qo‘lyozmalar va shu sohadagi tajribadan foydalanish, diniy soha mutaxassislarining malakasini oshirish kurslarini tashkillashtirish va boshqa masalalar haqida so‘z bordi. 

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdilar.

Yakunda delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Izoh qoldirish