441

Madridning Komplutense universiteti hududida buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiy haykali o‘rnatildi

Ispaniyaning eng yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Komplutense universiteti 1499-yil tashkil etilgan. Bugun u mamlakat universitetlari orasida birinchi o‘rinda turadi.

Muhammad Xorazmiy haykali fizika, kimyo va matematika fakultetlari binolari o‘rtasida joylashgan bog‘ hududida o‘rnatildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, Ispaniya ilmiy jamoatchiligi vakillari, talabalar va o‘zbekistonlik vatandoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir Gʻaniyev o‘z so‘zida buyuk mutafakkir va olim, bobokalonimiz Muhammad Xorazmiy o‘zining kashfiyotlari bilan dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini ta’kidladi.

Shuningdek, elchi O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, mazkur tizimning asosi bo‘lgan maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar, jumladan 2030-yilgacha ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarini yangi pog‘onaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiyalar qabul qilinganini aytdi.

Komplutense universiteti rektori Xoakin Goyache Goni barcha zamonlarning daholaridan biri, buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy haykali universitetning Bilimlar maydonida o‘rnatilgani va bu oliy ta’lim muassasasi uchun katta sharaf ekanini qayd etdi.

— Xorazmiy haykali barcha talabalar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, buyuk olimning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini eslatib turadi, — dedi rektor. — Komplutense universiteti nomidan O‘zbekiston rahbariyatiga taqdim etilgan yodgorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishning muhim omilidir. Ispaniyaning eng nufuzli universitetida Muhammad Xorazmiy haykali ochilgani Ispaniya-O‘zbekiston aloqalarining do‘stona mazmunini yana bir bor tasdiqladi.

Rektorning madaniyat, sport va universitetlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Izabel Garsiya Fernandez Muhammad Xorazmiy haykalining ochilgani bir necha yil davomida amalga oshirilgan ishlar samarasi ekanini ta’kidladi.

— San’at professori sifatida shuni ham ta’kidlashni istardimki, haykal o‘z sohasining haqiqiy mutaxassisi tomonidan yaratilgan va u universitetimiz hududiga ko‘rk bag‘ishladi, — dedi u. — Buyuk olim nafaqat matematik, balki astronom va geograf ham bo‘lgan. Muhammad Xorazmiy insoniyatga bebaho meros qoldirgan. Shu ma’noda uning ilmiy asarlari hammamizga, butun insoniyatga tegishli mulkdir.

Muhammad Xorazmiyning matematika va butun tamaddun taraqqiyotidagi xizmatlari alohida e’tirof etiladi. Buyuk alloma ismi “algoritm” atamasida muhrlangan, shuningdek, uning asarlaridan biri – “algebra” ham bizga mutafakkir haqida eslatib turadi.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi rasmiy sayti

Izoh qoldirish