1

Turkiyaning Qirqqal’a universiteti delegatsiyasi Akademiyada

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Turkiya Respublikasining Qirqqal’a universiteti rektori, professor Ersan Aslan delegatsiyasi tashrif buyurdi. 

Delegatsiya a’zolarini Akademiya rektori Muzaffar Komilov, prorektorlar – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.

Muloqot avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, ilmiy-ma’rifiy, madaniyat, gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Rektor Muzaffar Komilov ushbu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Turkiyaning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlik olib borilayotganini e’tirof qildi.

Samimiy muloqot davomida Qirqqal’a universiteti rektori, professor Ersan Aslan yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirib, Akademiyada diniy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya sohalaridagi ishlarni yuqori baholadi.

Muloqot davomida universitetning malakali soha mutaxassislarini akademiya ta’lim jarayoni onlayn (binar darslarga) jalb etish, Akademiya va univesitet professor-o‘qituvchilarining o‘zaro almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar haqida so‘z bordi. 

Shuningdek, ikki tomon talabalari uchun qichqa muddatli ta’lim va sayohat dasturi doirasida yozgi va qishki maktablar hamda hamkorlikda turli seminar, forum va konferensiyalar tashkil etish haqida so‘z yuritildi.

Muloqot yakunida Akademiya rektori mehmonlarda esdalik sovg‘asi topshirildi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish