2

Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati

Bugungi davr insoniyatning zamon bilan hamnafas odimlashini talab etadi. Turli soha mutaxassislari o‘z ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarda muloqot qila olishi maqsadga muvofiq.

Shu bois, yurtimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tiborqaratilmoqda.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanning maqsadi – xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanishning nazariy, metodologik va amaliy masalalarini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.

Konferensiyada Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Zohidjon Islomov, “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi mudiri Barno Shamsematova, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkentdagi Webster universiteti, Andijon davlat xorijiy tillar instituti, Qoʻqon davlat universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Konferensiyada “Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan  foydalanishning dolzarb muammolari”, “Tillarni o‘qitishda АКТni qo‘llash va innovatsion strategiyalar”, “Nofilologik yo‘nalishlarda xorijiy tillarni o‘qitishning samaradorligini oshirish yo‘llari: ilg‘or tajribalar”, “Turli sohadagi fanlarni chet tilida o‘qitish mahoratini oshirish”, “Xorijiy tillarni til, tarjima va metodikani integratsiyalashtirgan holatda o‘qitish usul va yo‘llari hamda “Sohaga oid terminlarni xorijiy tillarga tarjima qilish usullari” kabi mavzular muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan “Tilning kognitiv tadqiqi”, “Fors tilini o‘rganishda badiiy filmlarning ahamiyati”, “Sohaga oid terminlarni unifikatsiyalash masalalari xususida”, “Tillarni onlayn vositalar orqali o‘qitishda qo‘shiqlardan foydalanish”, “Til ta’limi uchun hikoyalarning ahamiyati”, “Tilni o‘rganish texnologiyasi: ta’limda sun’iy intellekt” kabi mavzularda ma’ruzalar qilinib, sohadagimavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi.

Shuningdek, anjuman doirasida “Xorijiy tillarni o‘qitish amaliyotida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish” hamda “Xorijiy tillarni o‘qitishda autentik materiallardan foydalanish amaliyoti (BAA tajribasi asosida)” kabi mavzularga bag‘ishlangan sho‘ba yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada chet tili o‘rganishni ommalashtirish bugungi ta’lim tizimidagi ustuvor maqsadlardan biriga aylangani, buning samarasi esa hozir butun mamlakat bo‘ylab yoshlar orasida til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning keskin ortganini ta’kidladilar. Ta’lim sohasidagi bu sa’y-harakatlar xorijiy tillarda tahsil olish va o‘qitishda duch keladigan har qanday masalalarni hal etib, dunyo miqyosida vatanimiz ravnaqini ko‘rsata oladigan ilm-fan, ta’lim va taraqqiyot nufuzini ko‘tarishga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishi qayd etildi.

Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, degan xitoblari bugungi kun uchun dasturulamal bo‘lishi shubhasiz.

O‘zaro savol-javob, qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan anjuman yakunida soha rivojidagi takliflar bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish