3

Qatar Davlati vaqf va islom ishlari vaziri Akademiyada mehmon bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Qatar Davlati vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Taniqli olimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Salim Dusanov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev hamda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o’qituvchisi Bahodir Pirmuhamedov kutib oldi.

Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov hurmatli mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.

Muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Akademiya davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.

O‘z navbatida G‘anim bin Shahin al-G‘anim mehmondo‘st va ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi do‘stona muloqot, samimiy hamkorlik tobora kuchayib borayotgani e’tirof etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. 

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalari bilan tanishdilar.

Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Izoh qoldirish