
Akademiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari mehmon bo‘ldi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi Bosh maslahatchisi Mehdi Knani boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolarini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, “Ziyo” media markazi vakillari hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.
Muloqot avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yuqori darajada faol davom etayotgani, xususan, jaholatga qarshi ma’rifat shiori ostida zo‘ravonlik va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Bu borada davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqlarida ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirish masalasi bugungi kun uchun dolzarb ekani, O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya doirasida ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Rektor Muzaffar Komilov ushbu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik olib borilayotganini e’tirof qildi.
Suhbat davomida Akademiyada zo‘ravon ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida axborot-tahliliy, ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni amalga oshiruvchi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va “Ziyo” media markazi haqida ma’lumot berildi.
Aytish joizki, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan zo‘ravon ekstremizm va terrorizmning destruktiv g‘oyalaridan fuqarolarning xabardorligini oshirish maqsadida davlat tashkilotlari va mahallalarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Internet tarmog‘ida ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqatilishining oldini olish, barvaqt profilaktika qilish va unga qarshi kurashish tizimini rivojlantirish maqsadida radikal mazmundagi noxolis kontentlar tahlil qilinib, shu asosda ularning targ‘ibotlaridagi asosiy tendensiyalar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlandi.
Ekstremizm, xalqaro terrorizm va bu omillarning rivojlanishi uchun ildiz vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan diniy radikalizmga qarshi kurashish, ushbu omillar oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan terroristik hodisalarning oldini olishda mamlakat fuqarolariga hamda xalqaro terrorizm va zo‘ravon ekstremizm bilan bevosita qarshi kurashayotgan shaxslarga axborot, tahlil va huquqiy jihatdan amaliy ko‘rsatish maqsadida “Ziyo” media markazi tashkil etilgan.
Markaz davlat yoki nodavlat boshqaruvidagi deyarli barcha telekanallar va radiokanallar hamda turli internet manbalari vositasida yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, jamiyatda diniy mutaassiblikning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorristik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi aholida immunitet hosil qilish. O‘zbekiston Prezidentining “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida muqaddas dinlarning ezgu g‘oyalari, tinchliksevarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini targ‘ib etish, O‘zbekistonda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish, din musaffoligini asrash hamda zo‘ravonlik ekstremizmi va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida o‘zining media mahsulotlarini namoyish etib boradi.
Samimiy muloqot davomida Mehdi Knani yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirib, Akademiyada ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash borasidagi ishlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama etildi. Jumladan, jurnalistlarni malakasini oshirish, birgalikda ekstremizmga qarshi loyihalar, videoroliklar, soha mutaxassislari ishtirokida video qo‘llanmalar, risolalar tayyorlash haqida so‘z yuritildi.
Muloqot yakunida Akademiya rektori mehmonlarda esdalik sovg‘asi topshirildi.
Delegatsiya a’zolari uchrashuvdan so‘ng Akademiya huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Ziyo” media markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish