1

Imom Dorimiyning islom ilmlari rivojida tutgan o‘rni

Bugungi kunda buyuk allomalar merosini o‘rganish, umumbashariy madaniyat va sivilizatsiya, ilmu fan rivojiga qo‘shgan buyuk hissalarini tadqiq etishga alohida e’tibor berilmoqda. Yurtimizdan chiqqan samarqandlik buyuk olim Imom Dorimiy islom ta’limoti asoslaridan biri bo‘lgan hadis ilmining rivojiga katta hissa qo‘shdi. 

Ma’lumki, IX asrda Samarqand nafaqat Movarounnahrning, balki umuman islom olamining ilmiy markazlaridan biriga aylandi. Turli o‘lkalardan ilm talabida olimlar kelib, o‘zlari uchun kerakli ilmlarni olishga intilganlar. Olimlardan ayrimlari o‘z yurtlariga qaytsalar, boshqalari shaharda butunlay yashab qolib, o‘z maktablariga asos solganlar. Tez orada Samarqand ulamolarining mavqelari yanada yuksalib, mustahkamlanib bordi. Bu holat shahar ilmiy muhitini rivojlanishiga turtki bo‘ldi. 

Manbalarda Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiyning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ayrim ma’lumotlarni keltirilgan. “Dorimiy” – Banu Dorim qabilasiga berilgan nisbat bo‘lib, uning bobosi Dorim ibn Molik ibn Hanzala shu qabilaning mavlosi hamda Payg‘ambar (s.a.v.) ning kotibi edi. Imom Dorimiy 798-yilda Abdulloh ibn Humayd Samarqandga voliy bo‘lib kelgan kuni tavallud topgan. Shuningdek o‘sha yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak vafot etganligi manbalarda qayd etiladi. U yoshlik chog‘laridanoq aqlzakovati, o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Manbalarda uning oilasi haqida so‘z bormasada, uning yaqinlari, qarindoshlari ilm ahllaridan bo‘lganliklari zikr etiladi. Jumladan, tog‘asi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya hadis roviylaridan bo‘lib, uning shogirdi Abu Shuayb Ismoil ibn Maxlad al-Barrod as-Samarqandiy haqida Sam’oniy xabar bergan. Abu Hafs Nasafiyning Imom Dorimiyning jiyani (akasining o‘g‘li) Abu Ahmad Fazl ibn Muhammad Dorimiyning Muhammad ibn Ishoqdan hadis rivoyat qilganligini qayd qilib o‘tgan.

Mahfuza Alimova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy

o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti

Maqolani batafsil o‘qish uchun

 

Izoh qoldirish