
Zulfiya – ezgulik va ilhom timsoli
Xalqimizning suyukli shoirasi Zulfiyaxonim ijodi, ibratli fazilatlari, hayotiy qarashlari bilan hali-hamon ko‘pchilik qizlar uchun namuna olishga arzirli ijodkor sifatida yodga olinadi. Har yili yurtimizda O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tavalludi bahoriy kayfiyat bilan hamohang tarzda nishonlanadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham betakror shoira tavallud ayyomi munosabati bilan “Zulfiya – ezgulik va ilhom timsoli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Xotin-qizlar maslahat Kengashi hamda “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nilufar Alibayeva, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva, Shayxontohur tumani hokimi o‘rinbosari Ziyoda Tohirova, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari – Vazira Abdujanova, Sayyora Rahimova, Xusniyabonu Jonibekova, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan talabalarga Zulfiyaxonim hayoti va ijodi, ibratli voqealar to‘g‘risida gapirib berdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Zulfiyaxonimning adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan ibratli umri haqida hikoya qilindi.
Bahorning ilk nafasi ardoqli shoiramizdan boshlanishi, shoira mehr-sadoqat timsoli ekanini ta’kidlashdi. O‘tgan asrning 30 yillarida o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan shoira otashin she’rlari bilan millionlab adabiyot ixlosmandlarining yuragidan joy olgani, Nodirabegim, Uvaysiy kabi mumtoz shoiralarimizning munosib davomchisi deya e’tirof etilishini qayd etishdi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tomonidan “Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida e’tirof etilib, sovrindorlar safida turgan zukko farzandlarimni ko‘rib, qalbim cheksiz faxr va quvonchga to‘lmoqda”, degan so‘zlarini yodga olsak arziydi. Zulfiyaxonim nafaqat hassos shoira, balki chinakam o‘zbek ayoli timsoli, buyuk qalb egasi edi.
Darhaqiqat, shoiraning “Dalada bir kun”, “Tong qo‘shig‘i” nomli she’rlar turkumi, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Kuylarim sizga” to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Shoira “So‘roqlaydi shoirni she’rim”, “Oydin” , “Quyoshli qalam” kabi ocherk va dostonlari, “Semurg‘”, “Zaynab va Omon” dostonlari asosida pyesa va opera librettosini ham yaratgan. Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Davra suhbati davomida talabalar tomonidan shoira hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar, bahru bayt aytish, sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar ijro etildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan davra suhbati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish