27

Globallashuv sharoitida yoshlarni milliy ruhda tarbiyalash – dolzarb masala

Bugungi kunda globallashuv jarayoni dunyoning barcha sohalariga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Ilm-fan, texnologiya va madaniyatlar bir-biriga yaqinlashib, taraqqiyot yangi bosqichga chiqmoqda. Ammo bu jarayon ba’zan milliy qadriyatlar va urf-odatlarning zaiflashishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar globallashuv ta’sirida milliy o‘ziga xoslikni unutish xavfi ostida qolishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun yosh avlodni milliy g‘urur va qadriyatlar asosida tarbiyalash masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda. 

Yoshlar tarbiyasining ijobiy mevasi bu – porloq kelajak demak. Milliy qadriyat deganda, xalqning tarixiy, madaniy, va ma’naviy merosi, avloddan avlodga o’tib kelayotgan urf-odatlar, odob-axloq qoidalari tushuniladi. O‘z milliyligini yo‘qotgan xalq o‘zligini yo‘qotgan xalqdir. Shuning uchun yoshlar ongiga zamonaviylik bilan bir qatorda milliy ong, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdira olish tarbiyaning asosiy bosqichlaridan sanaladi.

Globallashuv jarayoni madaniyatlarning bir-biriga yaqinlashishiga, yangi texnologiyalar va g‘oyalarning keng tarqalishiga yordam beradi. Biroq shu bilan birga, ayrim hollarda milliy madaniyatlarning yo‘qolishiga yoki ularning o‘rnini yot qadriyatlar egallashiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Yoshlarning chet el ta’sirida o‘z ona tili, urf-odatlari va milliy merosidan uzoqlashishi jamiyatning ma’naviy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, globallashuv sharoitida yoshlarni tarbiyalashda milliylik ruhini saqlab qolish eng muhim vazifalardan biridir. Yoshlarni milliylik ruhida tarbiyalashning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

Birinchidan, ta’lim tizimida milliy qadriyatlarga e’tibor qaratish:

– O‘quv dasturlariga milliy madaniyat, tarix va urf-odatlarni chuqur o‘rgatuvchi fanlarni kiritish;

– o‘quvchilarga buyuk ajdodlar merosini o‘rgatish va ularning yutuqlarini targ‘ib qilish;

– ona tilining nufuzini oshirish va yoshlarni milliy adabiyot bilan tanishtirish;

– ta’lim maskanlarida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida milliy liboslarni urfga kiritish;

– yoshlar o‘rtasida “ijtimoiy tarmoqlarsiz bir kun” yoki “sevimli asarim bilan bir kun” kabi chellenjlar o‘tkazish.

Ikkinchidan, oila va mahalla tarbiyasining ahamiyatini oshirish:

– Ota-onalar bolalarini milliy ruhda tarbiyalashlari uchun farzandlari ta’lim olayotgan maktab, litsey, o‘quv yurtlarida mas’ul shaxslar bilan treninglar o‘tkazish.

– mahallalarda milliy urf-odat va qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi tadbirlar, hasharlar o’tkazib asosan yoshlarni jalb etish;

– yoshlarni ajdodlar merosi bilan tanishtirish va milliy bayramlarni keng nishonlash.

Uchinchidan, zamonaviy texnologiyalar orqali milliylikni targ‘ib qilish:

– Ijtimoiy tarmoqlarda milliy madaniyat, tarix va san’at haqida sifatli kontentlar yaratish.

Ma’rifatli yosh avlod o’z tarixini, haq-huquqini yaxshi bilgan va oldiga qo’ygan ezgu maqsadlari yo’lida izlanib charchamaydigan, o’zining hur fikriga ega bo’lib, yot g’oyalarga qarshi ongida himoya immunitetini shakllantira olgan avloddir. XXI asr texnika davri bo’lgan hozirgi vaqtda, yoshlar ongini turli gadjetlardagi ijtimoiy tarmoqlar orqali ommalashib borayotgan bekorchi “trend”lardan, “ommaviy madaniyat” deb ataluvchi yosh-u qari ko‘r-ko‘rona ergashib ketayotgan turli ahmoqona urflarni yosh avlod orasida tarqalib ulgurgani ayanchli holat. 

Bugun farzand tarbiyasiga faqat ustozni yoki ota-onani vazifasi deb qaralishi sabab avtobus, metro yoki bekatlarda boshini telefondan ko’tarmayotgan atrof-muhitga befarq yoshlarning borligi ham sir emas. Bu kabi holatlarni oldini olish yoki kamaytirish uchun hatto davlatimiz rahbari ham “Kelajak – yoshlar qo‘lida” shiori ostida jonkuyarlik bilan, faoliyat olib borayotgan, yoshlarga katta e’tibor qaratayotganlarini ko‘rish mumkin.

Dunyoda sodir bo’layotgan urushlar, ocharchilik, qirg‘inbarotlik, suvsizlik kabi muammolar avj olib borayotgan bir paytda tinchlik osoyishtalik, to’kin-sochinlik bor yurtda yashayotganiga shukrona keltirgan holda shu mamlakatning har bir fuqarosi o’zining milliy o‘zligini saqlashi Vatan oldidagi eng muhim burch hisoblanadi.

Tinchlik shukuhida barkamol avlodni tarbiya qilishdan ko’ra ustuvor vazifa yo’q. Tarbiya – insondagi jismoniy va ruhiy, ma’naviy, ahloqiy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon hisoblanadi. U turli mezonlar va usullar asosida taraqqiy etadi. Biroq, ko’zlangan maqsad bir xil. Shaxsni komil inson qilib tarbiyalash. Tarbiyaning milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yo‘g‘rilgan usuli har davr uchun birdek ahamiyatli va foydalidir. 

Sohibjon Ummataliyev,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini

o‘rganish ICESCO” kafedrasi o‘qituvchisi,

Izoh qoldirish