![](https://iiau.uz/storage/49/6b/d3/9103/conversions/1652-large.jpg)
Alisher Navoiy – insoniylik ramzi
Alisher Navoiy o‘zbek xalqining buyuk shoiri va qomusiy mutafakkiri bo‘lib, uning nomi dunyoning eng mashhur shoirlari qatorida tilga olinadi. Navoiy butun ijodiy faoliyatini ilm-ma’rifatga, davlat arbobi sifatida esa xalqning osoyishtaligi, obodonchilik ishlari, san’at hamda adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishlagan. U zot nafaqat mutafakkir shoir va davlat arbobi, balki o‘z davrining eng badavlat saxovatpeshasi ham bo‘lgan.
Temuriylar sulolasiga xizmat qilib, Sabzavor shahriga hokim bo‘lgan G‘iyosiddinning o‘rtancha o‘g‘li Alisher otasining vafotidan so‘ng meros sifatida o‘ziga tegishli sarmoyani omilkorlik bilan ishlatib, qisqa fursat ichida boyib ketdi. U tadbirkorlik yo‘nalishini, asosan, bog‘-rog‘lar yaratish, undan keladigan daromadga esa madaniy-ma’rifiy inshootlar barpo etishga qaratdi. Ya’ni qarovsiz joylarni chamanzorga aylantirib, obod manzil barpo qildi, ulardan keladigan mablag‘ni esa xayriya ishlariga, ilmga sarfladi.
Navoiyning o‘z ta’biri bilan aytganda, “fuqaro va darveshlarning farovonligi, g‘arib hamda musofirlarning faroqati uchun” ko‘plab jamoat binolari va inshootlar: xonaqoh, masjid, kutubxona, madrasa, karvonsaroy, hammom, rabot, hovuz va ko‘priklar qurdirgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan ba’zi imoratlarning aniq tafsilotlarini keltiradi. U 52 rabot, 18 masjid, 3 madrasa, 16 ko‘prik, 19 hovuz, 9 hammom haqida ma’lumot beradi. Rabotlar cho‘l va suvsiz biyobonlardan o‘tuvchi uzoq karvon yo‘llarida savdogar va yo‘lovchilarning xotirjam to‘xtab, dam olishlari uchun qurilgan binolardir. Ular tarkibida mehmonxona, masjid, dam olish xonalari, quduqlar va hatto yuk tashuvchi hayvonlarini bog‘lash uchun hovlilar bo‘lgan.
Navoiy suv yoqasida hashamatli “Ixlosiya” madrasasi va uning qarshisida esa g‘oyat go‘zal va ko‘rkam “Xalosiya” xonaqosini barpo ettirgan. G‘arbida esa “Shifoiya” shifoxonasi, uning qarshisida “Safoiya” hammomini va ular qoshida hovuz ham qurdirgan.
Alisher Navoiyning bunyodkorlik faoliyati uning chuqur dunyoqarashidan kelib chiqib, odamiylikka, xalqparvarlikka, ezgulikka yo‘g‘rilgan. Navoiy o‘z zamondoshlarini, hatto asarlaridagi qahramonlarini ham bunyodkorlikka undaydi:
Kim qilsa imoratki, maqdur o‘lg‘ay,
Chun ismi kitobida mastur o‘lg‘ay.
Ne choqqacha ul binoki ma’mur o‘lg‘ay,
Ul ism ulus tiliga mazkur o‘lg‘ay.
Navoiy xalqparvarligining mohiyati uning she’riyatidagina bo‘lib qolmay, balki uning me’morchilik ishlarida ham namoyon bo‘ladi. Olim Po‘lat Zohidov Alisher Navoiyning me’morchilik va bunyodkorlik sohasidagi mo‘tabar xizmatlariga yuksak baho berib, “Mubolag‘asiz aytish mumkinki, jahon tarixida hech bir shoir Alisher Navoiychalik ko‘p binolar qurgan emas, me’mor san’atini shunchalik zavq-shavq bilan ulug‘lagan emas”, degan edi.
Alisher Navoiyning dehqonchilik qilinadigan ko‘plab yeri bo‘lib, ular Hirot atroflarida, Sabzavorda bo‘lgan. Bu yerlarda dehqonlar Alisher bilan kelishgan holda ishlab, muntazam haq olib turishgan. Bulardan tashqari, Navoiyga qarashli bir qator savdo rastalari ham bo‘lib, ular asosan, eng gavjum bozorlarda joylashgan edi.
Mazkur yerlar, bog‘lar, savdo do‘konlaridan keladigan daromadni shoir saxiylik bilan muhtoj, yetim-yesir, beva-bechora, ilmli insonlarga in’om qilardi. Hatto bir safar do‘sti Husayn Boyqaroning davlat xazinasida xarajatlari ko‘payib ketgan paytda, soliqlar xalqdan yig‘ilsa, ahli muslimga jabr bo‘lur deya, shoir o‘z hisobidan 25 ming dinorni butun boshli mamlakat ahli uchun to‘lab yuborgan. Ana shunday sersaxovat, badavlat shoir bobomiz o‘zi barpo ettirgan Nizomiya, Xisraviya madrasalari ma’muriyatiga topshiriq beradi. Unga ko‘ra, “Ikki olim-u mutaqqi (taqvodor olimlar) mudarris bo‘lgay. Har birining yillik vazifasi (ish haqi) ikki yuz oltun naqdi, yigirma to‘rt xarvor (bir eshak ko‘tararlik yuk) oshlik, yarim arpa, yarimi bug‘doy bo‘lgay. Har xalqai darsda o‘n bir tolibi ilmkim, borisi yigirma ikki bo‘lgay. Olti a’lo (a’lochi) har biriga oylik naqdi yigirma to‘rt oltun, yilda bug‘doy besh yuk, vasat (o‘rta o‘qig‘onlar) sakiz (talaba) oylig‘ har biriga naqdi o‘n oltun, bug‘doy – yillik to‘rt yuk, adno (past o‘qigonlar) sakiz – talaba oylik har biriga o‘n ikki oltun, oshlig‘ yiliga uch yuk” berilardi.
Shuningdek, Navoiy madrasaning hatto oshpaz va farroshiga ham sersaxovatlik bilan maosh to‘lab turgan: “Tabaqchi (oshpaz)ga yillik naqdi ikki yuz oltun, bug‘doy besh yuk. Bir farrosh va ikki xodimdin har biriga yiliga ikki yuz oltundin jam’i olti yuz oltun, bug‘doy besh yukdin o‘n besh yuk” berib turilardi. Ushbu madrasalarda asosiy e’tibor talabalarning ilm olishiga qaratilib, o‘qitish jarayonini shaxsan Navoiyning o‘zi nazorat qilib borgan. Shoir talabalarga ilm beradigan mudarrislarni ham qadrlab, ularga yiliga 200 oltin dinor maosh, har oyda 2 qop bug‘doy va arpa, kundalik oziq-ovqat, hatto uyidan madrasagacha minib keladigan oti uchun ham yem ajrattirgan. Ba’zi ulovi yo‘q mudarrislarni esa qo‘llab, ot olib bergan. Rus olimi Yevgeniy Bertels 1948-yilda nashr etilgan “Navoiy”» nomli asarida “Alisher Navoiy xazinasi hisobidan 300 dan ortiq rabot, yigirmaga yaqin ko‘prik va 380 joyda xayriya-ehson uylari qurilgan va har kuni minglab muhtojlarga tekin ovqat va kiyim-kechak ulashib turilgan”, deb yozgan edi.
Bundan tashqari, ulug‘ shoir Navoiy ustoz sifatida ko‘plab shogirdlarni ham voyaga yetkazdi, mashhur rassom Kamoliddin Behzod va xattot Sulton Ali Mashhadiylar ham aynan uning qo‘l ostida ta’lim olganlar. Shogirdlari Navoiy haqida uning o‘ta marhamatli va talabchan ustoz bo‘lganini yozishgan. Ustozlariga xos bo‘lgan ushbu talabchanlik shogirdlarni ulug‘lik darajasiga ko‘tarardi, u ilmi toliblarning hafsala va sabr bilan ish ko‘rishlari tarafdori bo‘lgan. Bu haqda hikoyatlar ham bor:
“Osafiy degan shoir o‘z ijodiy mahoratini oshirishga aksariyat holatlarda yalqovlik qilar, ishlariga beparvolik bilan qarardi. Navoiy esa bu kamchiliklarini tanqid qilib, uni yaxshilikka undab turardi. Bir kuni Osafiy Navoiyning yoniga kelib, shunday dedi: - Ustoz, men endi siz aytgandek ijodga qattiq kirishdim. Mana masalan, kecha bozordan ikki pulga sham olib, kechqurun ishga o‘tirdim va shu sham tugaguniga qadar ikki yuz misra she’r bitdim. Osafiyning bu gapi Navoiyga yoqmadi, chunki Osafiy shoshma-shosharlik bilan tuzsiz va jozibasiz g‘azallar yozib kelgan edi. Ranjigan Navoiy shoirga qarab: “Demak siz yozgan misralarning bahosi bir pul ekan-da!” deya lutf bilan tanbeh bergan ekan.
Navoiy ustoz sifatida yosh olim, san’atkor, yozuvchilardan o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini to‘g‘ri ishlatishni talab qilardi. U ijod ishiga shoshma-shosharlik, pala-partishlik bilan qaraydigan insonlar sirasidan emasdi, bu kabi insonlarni xushlamas, shu sababli nasihatni ham ayamas edi. Shunday ekan, bu nasihatlar biz uchun ham koni foydadir va Navoiy bizga insonparvarligi, saxovatli va marhamatliligi bilan ham namuna bo‘la oladigan eng yetuk siymodir.
Mahbuba Muhiddinova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabasi
Izoh qoldirish