1

Konstitutsiya – jamiyat taraqqiyotining huquqiy poydevori

Konstitutsiya ilk bor tuzilgan paytlardan boshlab davlatning siyosiy-huquqiy tizimi, boshqaruv mexanizmi va fuqarolik jamiyati tuzilmasini belgilab beruvchi asosiy hujjatdir. Uning normativ tuzilmasi faqatgina davlat organlari vakolatlarini yoki boshqaruv shaklini belgilab qolmay, balki jamiyat taraqqiyotining barqaror huquqiy yo‘nalishini ham shakllantiradi. 

Shu sababli zamonaviy konstitutsionizm konsepsiyasida Konstitutsiya davlat va fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy shartnoma sifatida talqin qilinadi. Bu yondashuvda Konstitutsiya erkinlik, farovonlik va ijtimoiy barqarorlikning kafolati sifatida qaraladi.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi aynan shunday tamoyillar asosida shakllantirildi. Unda “inson – jamiyat – davlat” uchligi bosh tamoyil sifatida mustahkamlanib, huquq va erkinliklar davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Bu esa konstitutsiyaviy hujjatning faqat siyosiy-huquqiy norma majmui sifatida emas, balki ijtimoiy taraqqiyotning asosiy poydevori sifatida qayta shakllanganini ko‘rsatadi. Ilmiy izlanishlar ham Konstitutsiyaning modernizatsiya jarayonlari, demokratik islohotlar va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishda markaziy rol o‘ynashini ta’kidlaydi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmunida birgina davlat boshqaruvini takomillashtirish emas, balki jamiyatning turli qatlamlarini ijtimoiy himoyalash, iqtisodiy tenglikni ta’minlash va xususiy kapital rivojlanishiga shart-sharoit yaratish masalalari ham markaziy o‘rin tutadi. Xususan, yangi tahrirda inson huquqlari kafolatlari oldingi konstitutsion tizimga nisbatan yanada kengaytirildi, fuqarolarning ijtimoiy himoya, ta’lim olish va mehnat qilish huquqlari aniq normativ asosda belgilandi. Bu normalar jamiyatning huquqiy takomillashuvi – ya’ni qonuniylik, institutsional barqarorlik va ijtimoiy mobililikni ta’minlash jarayonining ajralmas qismidir.

Yangi O‘zbekistonning huquqiy siyosati konstitutsiyaviy yangilanishlar orqali jamiyatning har bir sohasida – siyosiy tizimdan tortib iqtisodiy hamkorlik, yoshlar siyosati va ta’lim tizimigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda huquqiy asos yaratib berdi. Shunday qilib, Konstitutsiya jamiyat taraqqiyotining huquqiy poydevori sifatida modernizatsiya, innovatsiya va demokratik qadriyatlarni uyg‘unlashtiruvchi strategik hujjatga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatda huquqiy davlatni, demokratik jamiyatni va inson sha’nini oliy qadriyat sifatida mustahkamlashga qaratilgan eng muhim hujjatdir. 2023-yil 30-aprel referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrir Konstitutsiyaning strukturasini kengaytirib, 128 bobdan 155 bobga olib chiqdi va normalar sonini sezilarli darajada oshirdi. Bu kengayish nafaqat davlat boshqaruvi va organlar vakolatini tartibga solish, balki fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ijtimoiy adolatni, ekologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarni qamrab oluvchi huquqiy poydevor ekanini ko‘rsatadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari aniq va keng ko‘lamda belgilangan. Shaxsiy hayotning daxlsizligi, uy-joy daxlsizligi, shaxsiy ma’lumotlar sir saqlanishi kabi huquqlar 31-modda bilan kafolatlangan. Bu o‘zgarishlar orqali davlat siyosatining legitimligi ortibgina qolmay, balki fuqarolarda huquqiy qoniqishni ham keltirib chiqaradi.

Mehnat qilish, kasb tanlash, xavfsiz sharoitda ishlash va end kamida minimal ish haqi bilan ta’minlanish huquqlari 42-modda bilan belgilangan bo‘lib, davlat mehnat bilan ta’minlash va kasbiy tayyorgarlikni rag‘batlantirish majburiyatini oladi. Fuqarolarning ijtimoiy himoya va kambag‘allikni kamaytirish huquqlari 43-modda orqali kafolatlanadi, davlat ushbu yo‘nalishda aniq choralar ko‘rishga majburdir.

Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqlar 50 va 51-modda orqali nazarda tutilgan.Umumiy o‘rta ta’lim bepul va davlat nazorati ostida bo‘lishi, oliy ta’limda keng imkoniyatlar yaratish va malakali tibbiy xizmat olish huquqi kafolatlanadi. Bu holat Konstitutsiyani nafaqat siyosiy-huquqiy norma majmui, balki jamiyatning barqaror rivojlanishi va farovonligining huquqiy poydevori sifatida qarashga imkon beradi. Bundan tashqari, 49-modda atrof-muhit va ekologik huquqni ta’minlaydi. Bunga ko‘ra har bir inson toza va sog‘lom muhitda yashash huquqiga ega bo‘lib, davlat ekologik barqarorlikni ta’minlash majburiyatini oladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolar davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqi mustahkamlangan. XXII bob, 128-modda saylash va saylanish huquqlarini kafolatlaydi. Har bir saylovchi bir ovozga ega, ovoz berish erkin va yashirin bo‘lishi shart, teng sharoitda amalga oshiriladi. Fuqarolik jamiyati va demokratik boshqaruv prinsiplari shu orqali mustahkamlanadi, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mas’uliyatli hamkorlik shakllanadi, fuqarolar siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan faollikka undaladi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlarini aniq va keng ko‘lamda belgilab, ularni real kafolatlar bilan ta’minlovchi institutlar va mexanizmlarni mustahkamlagan. Sud himoyasi, mehnat va ta’lim huquqlari, mulk daxlsizligi, ekologik va ijtimoiy kafolatlar, ariza va murojaat huquqlari – bularning barchasi Konstitutsiyaning demokratik jamiyat taraqqiyotidagi asosiy omillari sifatida xizmat qiladi. 

Bu huquqiy konstruksiya yordamida O‘zbekiston jamiyati inson sha’nini hurmat qiladigan, adolat va tenglik tamoyillariga asoslangan, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini kafolatlovchi davlat sifatida shakllanish imkoniyatiga ega. Shunday qilib, Konstitutsiya faqat davlat boshqaruvi asosi emas, balki jamiyat taraqqiyoti, fuqarolik ongining shakllanishi va ijtimoiy adolatning kafolati sifatida yangi O‘zbekistonning poydevori hisoblanadi.

Ro‘zixon Ozodjonova,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

“Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi talabasi

Izoh qoldirish