1

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida axloqiy normalarning huquqiy-falsafiy talqini

2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakat tarixida muhim bosqich bo‘lib, u “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot modelining huquqiy asosi sifatida shakllandi. Yangilangan Konstitutsiyada inson sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilib, davlat faoliyati inson manfaatlariga xizmat qilishi qat’iy belgilandi. Fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan normalar mustahkamlandi, ijtimoiy davlat tamoyili konstitutsiyaviy darajada mustahkam o‘rin oldi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ekologiya, oila instituti va yoshlar siyosatiga oid moddalarning yangilanishi jamiyat ehtiyojlariga mos huquqiy mexanizmlarni shakllantirdi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini demokratlashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish va sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan me’yorlar joriy etildi. 

Shu bois, 2023-yilgi Konstitutsiya nafaqat huquqiy hujjat, balki jamiyatning ijtimoiy ongini va fuqarolik madaniyatini yuksaltiruvchi strategik dastur sifatida baholanadi. Uni ilmiy jihatdan tahlil qilish, mazmun mohiyatini ochib berish va amaliy ahamiyatini yoritish bugungi davrning dolzarb vazifalaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 19-moddasida insonning asosiy huquqiy-huquqiy maqomi belgilab beriladi va unda shaxsning qadr-qimmati mutlaq qadriyat sifatida e’tirof etiladi. “Inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Inson sha’ni va qadr-qimmati davlatning eng oliy qadriyatidir, shu qadriyat asosida barcha siyosiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshiriladi” deb ta’kidlaganliklari aynan shu ibora davlat va jamiyat munosabatlarida axloqiy mezonning konstitutsiyaviy poydevorini tashkil etishining isbotidir. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida so‘z erkinligi kafolatlanishi bilan birga, undan foydalanish jamiyatning axloqiy asoslariga zid bo‘lmasligi sharti ilgari suriladi. Modda mazmunida erkin fikr bildirish huquqi “umumiy axloq qoidalariga rioya etilgan holda” amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlanadi. Mazkur norma shundan dalolat beradiki, so‘z erkinligi chegarasiz huquq emas, balki jamiyatning axloqiy muvozanati bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan mas’uliyatli erkinlikdir. Axloq bu yerda erkinlikni emas, balki uning g‘ayriinsoniy shakllarini cheklovchi mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, jamoat joylarida yoki ijtimoiy tarmoqlarda haqoratli, kamsituvchi va sha’nni yerga uruvchi ifodalar so‘z erkinligi doirasiga kirmaydi, balki 33-modda va umumiy axloq normalariga zid holat hisoblanadi. 

Konstitusiyaning 41-moddasida ta’lim davlat nazoratida bo‘lishi va yoshlarda yuksak ma’naviy hamda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilishi belgilangan. Mazkur moddada tarbiya jarayonida “axloqiy mezonlar asosida kamol topgan shaxsni shakllantirish” g‘oyasi ifodalanadi. Masalan, maktab va oliy ta’lim muassasalarida odob-axloq darslari va ijtimoiy mas’uliyatni targ‘ib qiluvchi mashg‘ulotlar aynan shu konstitutsiyaviy asosga tayanadi. Bu norma ta’limni faqat bilim berish jarayoni emas, balki axloqiy shaxsni tarbiyalash mexanizmi sifatida talqin qiladi. Axloq bu yerda shaxsning ijtimoiy mas’uliyatli, vijdonli va jamiyatga foydali inson bo‘lib shakllanishining mezoniga aylanadi. 

42-moddada madaniyat, san’at va ijod erkinligi e’tirof etilgan bo‘lsa-da, ularning jamiyat axloqiga zid bo‘lmasligi sharti mustahkamlangan. Unda madaniy faoliyat “axloqiy qadriyatlarni hurmat qilgan holda” amalga oshirilishi lozimligi mazmunan ifodalangan. Masalan, sahna asarlarida nomaqbul xatti-harakatlarni targ‘ib qilish yoki jamiyat axloqiga zid obrazlar yaratish ijod erkinligi emas, balki axloqiy me’yor buzilishi hisoblanadi. Hannah Arendt madaniyatni jamiyat ma’naviy qiyofasini saqlashga xizmat qiluvchi vosita deb hisoblaydi. Bu norma madaniyatni axloqiy qadriyatlar tizimidan ajratmaslik kerakligini ko‘rsatadi. Ya’ni san’at erkin bo‘lishi mumkin, ammo u jamiyatning ma’naviy muhitiga zarar yetkazmasligi lozim. 

57-moddada fuqarolarning jamoat joylaridagi xatti-harakatlari jamiyatning axloqiy qoidalariga mos bo‘lishi belgilangan. Modda mazmunida jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga rioya etish ijtimoiy majburiyat sifatida ilgari suriladi. Bu norma axloqni faqat shaxsiy fazilat emas, balki jamoaviy tartibni ta’minlovchi ijtimoiy mexanizm sifatida ochib beradi. Masalan, transportda qo‘pol so‘zlash, boshqalarni haqoratlash yoki jamoat joyida nomaqbul harakatlar qilish 57-modda va umumiy axloq qoidalariga zid hisoblanadi.

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida “axloq” tushunchasi bevosita keltirilgan 6 ta modda alohida huquqiy-falsafiy mazmun kasb etadi va ular jamiyat hayotida axloqiy me’yorlarning konstitutsiyaviy asosda mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Ushbu moddalar orqali axloq nafaqat shaxsiy fazilat, balki ijtimoiy tartib, fuqarolik madaniyati va davlat siyosatining tarkibiy qismi sifatida talqin etiladi.

Birinchidan, Konstitutsiyaning inson sha’ni va qadr-qimmatiga oid normalarida axloq tushunchasi shaxsning jamiyatdagi o‘rni va munosabatlarida asosiy mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yerda shaxsning axloqiy obro‘si, jamiyat oldidagi mas’uliyati va xulq-atvori davlat tomonidan himoya qilinishi belgilangan. Masalan, jamoat joyida boshqalarning sha’nini kamsituvchi xatti-harakatlar nafaqat huquqbuzarlik, balki axloqiy me’yorlarni buzish sifatida ham baholanadi.

Ikkinchidan, ta’lim va tarbiya sohasiga oid moddalarda axloqiy tarbiya davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida talqin qilinadi. Unda yosh avlodni milliy va umuminsoniy axloq me’yorlari asosida tarbiyalash zarurligi qayd etilgan. Amaliy misol sifatida maktab va oliy ta’lim muassasalarida “ma’naviyat soatlari”, odob-axloq darslari va ijtimoiy mas’uliyatni targ‘ib qiluvchi loyihalarni keltirish mumkin.

Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir moddalarda axloq so‘zi axborot tarqatishda mas’uliyat mezoni sifatida ko‘rsatiladi. Bu esa jurnalist va blogerlarning jamiyat axloqiy qadriyatlariga zid bo‘lgan kontentni tarqatmaslik majburiyatini bildiradi. Masalan, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi yoki inson sha’nini kamsituvchi materiallar nafaqat noqonuniy, balki axloqan nomaqbul deb baholanadi.

To‘rtinchidan, madaniyat va san’atga oid normalarda axloq jamiyatning ma’naviy qiyofasini saqlash omili sifatida talqin etiladi. San’at asarlarining jamiyat axloqiy mezonlariga zid bo‘lmasligi talab qilinadi. Misol tariqasida jamoat makonlarida axloqiy me’yorlarga mos bo‘lmagan tasvir va performanslarning cheklanishini ko‘rsatish mumkin.

Beshinchidan, jamoat tartibi va ijtimoiy intizomga taalluqli moddalarda axloq fuqarolarning kundalik xulq-atvori bilan bog‘lanadi. Bu yerda axloq ijtimoiy mas’uliyat va jamiyatga hurmatning ifodasi sifatida qaraladi. Masalan, keksalarga o‘rin bo‘shatish, atrof-muhitni iflos qilmaslik, jamoat joylarida odob qoidalariga rioya qilish fuqarolik axloqining amaliy ko‘rinishidir.

Oltinchidan, oilaviy munosabatlarga oid moddalarda axloqiy mezonlar oila barqarorligining asosi sifatida talqin qilinadi. Mehr-oqibat, sadoqat va o‘zaro hurmat oilaviy munosabatlarning axloqiy poydevori sifatida muhrlangan. Amaliy misol sifatida ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati va farzandlarning ota-onaga hurmati ko‘rsatiladi.

Umuman olganda, Konstitutsiyada axloq so‘zining bevosita kiritilishi huquq va axloq uyg‘unligini, davlat va jamiyat hayotida ma’naviy mezonlarning ustuvor ahamiyat kasb etayotganini anglatadi. Bu holat Konstitutsiyani nafaqat yuridik hujjat, balki jamiyatning axloqiy yo‘l xaritasi sifatida ham baholash imkonini beradi.

Shuhratjon Rajabov,

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish