Malayziya Islom san’ati muzeyida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik aloqalari muhokama etildi
Bugun Malayziya Islom san’ati muzeyida ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlash va islom sivilizatsiyasini o‘rganishda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan “Madaniy meros: O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘prik” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari – Shovosil Ziyodov, Jamoliddin Karimov, Muzaffarxon Joniyev, Malayziyaning “Al-Buxoriy” jamg‘armasi, Malayziya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islomni anglash instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti, Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti, Islom fanlari universiteti, Xalqaro islom universiteti hamda boshqa yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohada, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqdim etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar e’tiboriga ushbu ilmiy muassasalar faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus hujjatli filmlar namoyish etildi. Shuningdek, Malayziya ilmiy jamoatchiligiga O‘zbekiston Prezidentining “Malayziya islom san’ati muzeyi” kitob-albomiga yozgan so‘zboshisi taqdim etildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bilan tanishgan davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining ushbu markazni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadilar. Olimlar mazkur loyiha yoshlarni ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalash va tinchliksevar islom qadriyatlarini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Tadbir doirasida maxsus deklaratsiya ham qabul qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro olimlar va tadqiqotchilarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi. Ushbu muhim qadam islom merosi yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Markaz muzeyini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Davra suhbati davomida O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama ilmiy, ta’lim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Malayziya Islom san’ati muzeyida O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etish, shuningdek, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va ta’lim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun O‘zbekiston bo‘ylab mediatur o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Ta’lim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning Malayziya oliy o‘quv yurtlarida ishtirokini ta’minlash taklif qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Malayziya Islom san’ati muzeyidagi o‘zbek madaniy merosi ekspozitsiyasini ziyorat qilishdi. Tadbir mehmonlari O‘zbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob tarixiy ashyolar bilan tanishib, muzeyning doimiy ekspozitsiyasini ham ko‘zdan kechirishdi.
Manba:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Axborot xizmati
Izoh qoldirish